AsosiyJamiyat

Tojikistondan kirib kelgan 1 kg 329 gr. “gashish” Toshkentga etib kela olmadi (video)

'Tojikistondan kirib kelgan 1 kg 329 gr. “gashish” Toshkentga etib kela olmadi (video)'ning rasmi

Giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashish doirasida Davlat xavfsizlik xizmatining Farg`ona viloyati bo`yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan tezkor tadbirlar o`tkazildi. Bu haqda "darakchi.uz"ga DXX matbuot xizmati xabar qildi. 

Xususan, Beshariq tumanida yashovchi, 1987 y.t. fuqaro o`zining boshqaruvida bo`lgan “Damas” avtomashinasida Toshkent shahri tomon harakatlanib ketayotgan vaqtida to`xtatildi. Avtomashina xolislar ishtirokida ko`zdan kechirilganda, uning salon qismida 1 kg 329 gr. “gashish” moddasi borligi aniqlanib, prosessual tartibda rasmiylashtirib olindi. Ma`lum bo`lishicha, Tojikiston Respublikasidan kontrabanda yo`li bilan Beshariq tumani hududiga o`tkazilgan ushbu ajal og`usi Toshkent shahrida sotilishi kerak bo`lgan.

Viloyat ichki ishlar boshqarmasi hamda iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish Departamentining hududiy boshqarmasi bilan hamkorlikda Dang`ara tumanida o`tkazilgan tezkor tadbirda esa Toshkent shahri tomon harakatlanayotgan “Lasetti” rusumli avtomashina to`xtatilib tekshirildi.

Natijada unda yo`lovchi sifatida ketayotgan, Qo`qon shahrida yashovchi, 1974 y.t. ayol yonida 1120 dona “Gerika”, 400 dona “Selofen” va 198 dona “Tropikamid” kuchli ta`sir qiluvchi dori vositalari borligi aniqlanib, tegishli tartibda rasmiylashtirib olindi.

Shuningdek, tezkor tadbir davom ettirilib, mazkur ayolning 2004 y.t. o`g`li boshqarib ketayotgan “Lasetti” rusumli avtomashina ham to`xtatilib tekshirilganda, uning yukxonasida 250 dona “Tropikamid” kuchli ta`sir qiluvchi dori vositasi borligi ma`lum bo`ldi.

Bu yo`nalishda Davlat xavfsizlik xizmatining Sirdaryo viloyati bo`yicha boshqarmasi xodimlari ham viloyat ichki ishlar va bojxona boshqarmalari bilan hamkorlikda tezkor tadbir o`tkazdi.

Xususan, “Farg`ona – Sirdaryo” yo`nalishida harakatlanayotgan “Kobalt” rusumli avtomashina Guliston shahriga kirish qismida to`xtatilib tekshirildi.

Natijada unda yo`lovchi sifatida ketayotgan, Guliston shahrida yashovchi, 1995 y.t. fuqaroning yonida 274 dona “Regapen” va 33 dona “Tropikamid” kuchli ta`sir qiluvchi dori vositalari borligi aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida olindi.

Shuningdek, u mazkur dori vositalarini Qo`qon shahrida yashovchi, 1992 y.t. ayoldan sotib olganligi ma`lum bo`lib, Qo`qon shahrida ushbu ayol 50 dona “Tramadol” giyohvandlik vositasini hamda 364 dona “Regapen” va 40 dona “Tropikamid” kuchli ta`sir qiluvchi dori vositalarini sotayotgan vaqtida qo`lga olindi.

Ta`kidlanishicha, barcha kuchli ta`sir qiluvchi dori vositalari Qirg`iz Respublikasidan noqonuniy yo`llar bilan olib kelingan.

Hozirda mazkur holatlar yuzasidan ushbu shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo`zg`atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

 

    Boshqa yangiliklar