AsosiyJamiyat

Surxondaryoda 51 yoshli erkak uchinchi xotinini urib o`ldirdi

'Surxondaryoda 51 yoshli erkak uchinchi xotinini urib o`ldirdi'ning rasmi

Surxondaryo viloyatida 3 marta sudlangan shaxs yana jinoyatga qo`l urdi. Uning mastligi va rashk oqibatida umr yo`ldoshining umri hazon bo`ldi. Bu haqda viloyat IIB xabar bermoqda.

Sherobodlik 51 yoshli fuqaro o`zining uchinchi turmush o`rtog`ining qotiliga aylandi. Shu yilning 2 yanvar kuni ularning oilasida janjal bo`lgan. Natijada er avval ayolini turli so`zlar bilan haqorat qilib, so`ngra unga bir necha tan jarohati etkazgan. G`azabini bosolmagan erkak xotinini urib o`ldirib qo`ygan va bu haqda o`zi IIBga xabar bergan.

Mazkur holat yuzasidan Sherobod tumani “Oyinli” fuqarolar yig`ini raisi, ikki tarafning yaqin qarindoshlari va IIB xodimlari jinoyat muhokamasini o`tkazdi.

“Ushbu voqeada biz barchamiz o`zimizni aybdor deb hisoblaymiz. Chunki jamoatchilik va qo`ni-qo`shnilar o`z vaqtida ularga tushuntirish ishlarini olib bormaganmiz”, - deydi mahalla raisi.
Mastlik oqibatida jinoyatga qo`l urgan erkak yillar o`tib ozodlikka chiqsa ham, lekin endi uning 8 va 11 yoshli farzandlari bir umr onasiz o`tadi.

Ayni paytda mazkur holat yuzasidan O`zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 97-moddasi, 1-qismiga asosan jinoyat ishi qo`zg`atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

    Boshqa yangiliklar