AsosiyJamiyat

Endi jurnalistlar ichki ishlar organlari ustidan jamoatchilik nazoratini o`rnatadi

'Endi jurnalistlar ichki ishlar organlari ustidan jamoatchilik nazoratini o`rnatadi'ning rasmi

"Ichki ishlar organlarini xalqchil professional tuzilmaga aylantirish va aholi bilan yanada yaqin hamkorlikda ishlashga yo`naltirish bo`yicha qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida"gi Prezident qarori qabul qilindi.

Hujjat bilan Ichki ishlar organlari xodimlarining kasbiy madaniyat va xizmat intizomi kodeksi tasdiqlangan. Kodeks ichki ishlar organlari xodimlarini «Inson qadri uchun» tamoyili asosida tarbiyalash orqali aholining chinakam roziligiga erishishga qaratilgan.

Qarorga ko`ra, ichki ishlar organlari faoliyati ustidan jamoatchilik nazorati tizimini yaratish maqsadida Ichki ishlar vazirligi va uning hududiy bo`linmalarida jamoatchilik asosida doimiy faoliyat yurituvchi maslahat-kengash organi hisoblangan, soha olimlari, faxriylari va jurnalistlardan iborat jamoatchilik kengashlari tuziladi.

Quyidagilar jamoatchilik kengashining asosiy vazifalari etib belgilangan:

  • ichki ishlar organlari faoliyatida qonunchilik hujjatlari talablariga rioya etilishi ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish, soha bo`yicha ijtimoiy fikrni o`rganish va tizimli monitoring olib borish;
  • ichki ishlar organlari faoliyatini tartibga soluvchi qonunchilik hujjatlari loyihalarini ishlab chiqish jarayonida ijtimoiy fikr va jamiyat manfaatlari hisobga olinishini ta`minlash choralarini ko`rish;
  • ichki ishlar organlari faoliyatidagi korrupsiya holatlari bo`yicha internet va ijtimoiy tarmoqlarda e`lon qilingan xabarlarni batafsil o`rganish va uning natijasini keng jamoatchilikka etkazish.

Shuningdek:

  • Ichki ishlar vazirligi akademiyasiga — ichki ishlar organlari ta`lim va o`quv muassasalarining pedagog kadrlarini, shu jumladan, shartnoma asosida qayta tayyorlash va malakasini oshirish;
  • Ichki ishlar vazirligi akademik liseylariga — o`quv-tayyorlov markazlarini tashkil etgan holda, ish vaqtidan tashqari paytda akademik lisey o`qituvchilari tomonidan o`quvchi va fuqarolar uchun ixtiyoriylik asosida qo`shimcha o`quv mashg`ulotlarini o`tkazish bo`yicha pulli ta`lim xizmatlarini ko`rsatish huquqi berildi.

Bunda, qo`shimcha o`quv mashg`ulotlaridan tushgan mablag`lar akademik lisey jamg`armasida jamlanib, uning 50 foizi mashg`ulot o`tkazgan o`qituvchining oylik maoshiga, 50 foizi akademik liseyning moddiy-texnik va o`quv bazasini rivojlantirish hamda boshqaruv-yordamchi xodimlarini rag`batlantirishga yo`naltiriladi.

    Boshqa yangiliklar