AsosiyJamiyat

Shavkat Mirziyoev paxta etishtirishni qo`llab-quvvatlash masalalari bo`yicha yig`ilish o`tkazdi

'Shavkat Mirziyoev paxta etishtirishni qo`llab-quvvatlash masalalari bo`yicha yig`ilish o`tkazdi'ning rasmi

Prezident Shavkat Mirziyoev 23 yanvar kuni paxta etishtirishni qo`llab-quvvatlash masalalari bo`yicha yig`ilish o`tkazdi.

Bugungi kungacha paxta-to`qimachilik klasterlari tomonidan sohaga 5 milliard 300 million dollar investisiya kiritilgan, ularga 3 milliard dollar imtiyozli kreditlar ajratilgan. Klasterlar tomonidan 4 milliard dollarlik 265 ta loyiha ishga tushirilib, 300 mingta yangi ish o`rni yaratilgan. Natijada paxta hosildorligi 30 foizga oshib, 26 sentnerdan 34 sentnerga etdi.

Lekin joylarda klaster va fermerlarni qiynayotgan muammolar ham bor. Jumladan, qo`shilgan qiymat solig`ini o`z vaqtida to`lamaganligi sababli fermer xo`jaliklarida penya qarzdorligi vujudga kelgan.

7 mingta fermer paxta maydonlarini nasoslar orqali sug`orishga majbur bo`layotir. Fyuchers shartnomalari tuzishning oxirgi muddati belgilanmagan, shartnomalarni ro`yxatga olish bo`yicha shaffof tizim yo`q.

Yig`ilishda sohadagi shu kabi muammolar muhokama qilinib, zarur choralar belgilandi.

Xususan, paxta maydonlarini nasos bilan sug`orish uchun ketgan elektr energiyasi xarajatlarining 50 foizi qoplab berilishi qayd etildi.

O`tgan yili ichki bozorda mineral o`g`it narxi o`rtacha 50 foizga oshib, tanqislik yuzaga kelgan edi. Shu bois mineral o`g`itlarga bojxona imtiyozlarini yana 3 yilga uzaytirish taklifi bildirildi.

Mutasaddilarga klaster va fermerlar o`rtasidagi shartnomalarni tartibga solish hamda hisob-kitoblarni joyiga qo`yish, paxta va g`alla etishtirishni muvofiqlashtirib borish bo`yicha ko`rsatmalar berildi. Qo`shilgan qiymat solig`ini o`z vaqtida to`lamaganlik uchun fermer xo`jaliklariga hisoblangan penyalar, istisno tariqasida, hisobdan chiqarilishi belgilandi.

Fyuchers shartnomalarini soliq organlarining elektron axborot tizimida ro`yxatdan o`tkazish hamda Qishloq xo`jaligi vazirligining “Agroplatforma” axborot tizimiga integrasiya qilish vazifasi qo`yildi. Shuningdek, endi Nyu-York birjasining o`rtacha oylik fyuchers kotirovkalari tahlili Qishloq xo`jaligi vazirligi veb-saytida e`lon qilib boriladi.

Paxtachilik yo`nalishidagi ilmiy institutlarni ishga solib, chet ellarda qo`llanilayotgan unumdor va kam suv talab qiluvchi navlarni mahalliylashtirish zarurligi ta`kidlandi.

Yig`ilishda, umuman, qishloq xo`jaligidagi joriy yilgi vazifalarga ham to`xtalib o`tildi.

Jumladan, 400 million dollarlik 600 ta loyiha ishga tushirilishi, qo`shimcha 185 ming tonna saqlash va qayta ishlash quvvatlari hamda 33 ta tumanda agroxizmat markazlari tashkil etilishi aytildi.

Ipakchilik sanoatida 3 trillion so`mlikdan ziyod mahsulot tayyorlanib, qariyb 110 million dollarlik eksport qilinmoqda. Lekin bu tarmoqda salohiyat yanada katta. Shu bois Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qo`mitasiga bu yil 26 ming tonna pilla, 1,3 million dona qorako`l terisi va 40 ming tonna jun ishlab chiqarish vazifasi qo`yildi.

300 ming gektarda suv tejovchi texnologiyalar o`rnatish, 200 ming gektar erni lazerli tekislash rejalashtirilgan. 100 ming gektar ekin erlarini taqsimlab, 2 milliondan ziyod aholining bandligini ta`minlash ham muhim vazifalardan. Bu asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari etarli bo`lib, bozorlarda narx-navo barqaror bo`lishida ham ahamiyatga ega.

Shuningdek, yurtimizda oziq-ovqat sanoatida oliy va o`rta bo`g`in mutaxassislariga ehtiyoj katta. Shuning uchun xorijiy davlatlar tajribasi asosida bu sohada yangi institut tashkil etish taklifi ma`qullandi.

    Boshqa yangiliklar