AsosiyJamiyat

Bolaning tez-tez shamollashi adenoid alomatimi? Shifokor tibbiy ko`rsatma berdi

'Bolaning tez-tez shamollashi adenoid alomatimi? Shifokor tibbiy ko`rsatma berdi'ning rasmi

Bolaning sog`lom ulg`ayishi alohida parvarishni talab etadi. Biroq ba`zan bu ishga mas`uliyat bilan yondashilsa-da, ularda shamollash yoki grippga chalinish holatlari ko`p uchraydi. Ayniqsa, qishning sovuq kunlarida bu holat tez-tez takrorlanishi ota-onalarni tashvishga solishi aniq.

Shifokorlarning ta`kidlashicha, yosh bolalarda ushbu holat ko`pincha adenoid kasalligi sababli qaytalanadi.

Xo`sh, adenoid o`zi nima? Uning kelib chiqish sabablari, alomatlari hamda davolash usullari qanday?

️Ushbu savollarga oliy toifali shifokor Ravshanbek Umarov javob beradi.

— Adenoid – burun-halqum bo`shlig`ida joylashgan bodomsimon (murtak) bezning kattalashuvi, — deydi mutaxassis. — Uning asosiy vazifasi tanani turli bakteriya va viruslardan himoyalashdir.

Ushbu bez infeksiyalarga qarshi kurashish uchun ko`plab immunitet hujayralari ishlab chiqarishi oqibatida kattalashib boradi. Virus yoki bakteriyalar yo`qolishi bilan yana o`z holiga qaytadi.

Bodomsimon bez to`qimalarining patologik o`sishi odatda maktabgacha va maktab yoshidagi bolalarda ko`p uchraydi. Uning kelib chiqishiga asosan turli yuqumli kasalliklar – qizamiq, difteriya, angina, gripp, kuchsiz immunitet va allergiyaga moyillik sabab bo`ladi. Ba`zida irsiy omillar ham adenoid rivojlanishiga zamin yaratadi.

Kasallik paytida burun yo`li berkilib, bola asosan og`izdan nafas oladi. Bu esa organizmda kislorod etishmasligiga olib keladi. Tez-tez shamollash, holsizlik, uyqusizlik, hid bilish va eshitish qobiliyatining pasayishi, yutinish bilan bog`liq muammolar, talaffuzdagi o`zgarishlar, uxlaganda xurrak otish hamda yuqori jag` tishlarining noto`g`ri rivojlanishi ham adenoid alomatlari bo`lishi mumkin.

Agar xastalik o`z vaqtida davolanmasa, nafas olish funksiyasi va miyada qon aylanishi buziladi. Xotira zaiflashib, nevrologik va psixik o`zgarishlarga olib keladi. Shuningdek, kamqonlik, gaymorit, frontit kabi nafas yo`llari kasalliklari, yiringli otit ham adenoid asoratlaridir.

 Shu sababli bu kasallikka e`tiborsiz bo`lish yaramaydi. Buning uchun o`z vaqtida shifokorga murojaat qilish zarur.

    Boshqa yangiliklar