O`zbekiston va Belarus o`rtasidagi ochiqlik, o`zaro manfaatlarni hisobga olish tamoyillariga asoslangan konstruktiv hamkorlik keng miqyosdagi yo`nalishlarni o`z ichiga oladi.
O`zaro savdo hajmi muttasil oshmoqda, sanoat kooperasiyasi va qishloq xo`jaligi sohalarida muhim loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. Mintaqalar o`rtasida ko`p qirrali aloqalar mustahkamlanmoqda, ta`lim va madaniy-gumanitar sohalardagi almashinuvlar kengaymoqda.
Bu O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenkoga mamlakatlarimiz o`rtasida diplomatik munosabatlar o`rnatilganining 30 yilligi munosabati bilan yo`llagan tabrikda alohida qayd etildi.
Qutlovda birgalikdagi sa`y-harakatlar tufayli so`nggi yillarda O`zbekiston va Belarus hamkorligi sifat jihatidan yangi bosqichga ko`tarilib, aniq amaliy mazmun bilan boyigani ta`kidlangan.
Davlatimiz rahbari O`zbekiston va Belarus sherikligini mamlakatlarimiz va xalqlarimiz manfaatlari yo`lida yanada mustahkamlash borasidagi intilish qat`iy ekanini qayd etib, Prezident Aleksandr Lukashenkoga mustahkam sog`liq, farovonlik va davlat ishlarida muvaffaqiyatlar, Belarus xalqiga esa tinchlik va ravnaq tiladi.






