Avvalroq, Samarqandda yosh kelin-kuyovning is gazidan zaharlanib vafot etgani haqida xabar bergan edik. Bosh prokuratura holat yuzasidan qo`shimcha ma`lumot taqdim etdi.
Qayd etilishicha, 16 yanvar kuni Kattaqo`rg`on tumani Oltinsoy qishlog`ida yashagan 26 yoshli erkak va uning 18 yoshli turmush o`rtog`i yashash xonadonida is gazidan zaharlanib vafot etishgan.
Shu kuni marhumlar yaqin qarindoshlari tomonidan dafn etilgan.
Biroq, Kattaqo`rg`on tumani IIB va tibbiyot birlashmasiga ham kelin-kuyov vafot etganliklari haqida xabar kelib tushmagan.
Marhumlarning yaqinlari ushbu holat haqida ichki ishlar organlari va boshqa tashkilotlarga xabar bermaganliklari aniqlangan.
Tekshirish davomida Kattaqo`rg`on tuman IIB, tuman hokimligi Mahalla va oilani qo`llab quvvatlash bo`limi, tuman Oila va xotin qizlar bo`limi hamda «Samarqand hududgaz» korxonasiga xizmat tekshiruvlari tayinlangan.
Kattaqo`rg`on tuman prokuraturasi tomonidan voqea joyi ko`zdan kechirilib, marhumlarning o`lim sabablariga aniqlik kiritilmoqda.
Tekshirish harakatlari davom etmoqda, deyiladi xabarda.






