Andijon viloyati Andijon tumanidagi choyxonalardan birida yong`in sodir bo`ldi. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, bugun, 21 yanvar kuni soat 14:41 da Andijon viloyati Andijon tumani Qo`shariq dahasida joylashgan choyxonalarning birida yong`in sodir bo`layotganligi to`g`risida tuman favqulodda vaziyatlar bo`limiga xabar kelib tushgan.
Chaqiruvga ko`ra, 5 ta yong`in-qutqaruv ekipaji soat 14:45 da voqea joyiga etib borgan. Yong`in soat 14:47 da qurshab olingan va soat 15:00 da bartaraf etilgan.
Yong`in oqibatida choyxonaning taxminan 70 kvadrat metr maydonida tomi, shifti va jihozlari yonib zararlangan.
Hodisa oqibatida tan jarohati olgan va halok bo`lganlar yo`q. Hozirda yong`in sababi va moddiy zarar miqdori aniqlanmoqda.






