Avvalroq, O`zbekiston hududlarining markaziy ko`chalarida harakat tezligi soatiga 60 kilometr etib belgilangani haqida xabar bergan edik.
Xo`sh, 60 kilometr soat tezlikda harakatlanish bo`yicha yo`l belgilari qachondan boshlab o`rnatiladi. Haydovchi 60 kilometr soat tezlikda yurish belgilangan ko`chaning tugaganini qanday biladi?
AOKAda o`tkazilgan brifingda Ichki ishlar vazirligi Yo`l harakati xavfsizligi xizmati axborot xizmati rahbari Azizxon Murodov Toshkent shahri va viloyatlardagi shaharlarning markaziy ko`chalarida harakat tezligi pasaytirilishi yuzasidan berilgan shu kabi savollarga javob berdi.
Ma`lum qilinishicha, yo`l harakati xavfsizligini ta`minlash bo`yicha Respublika maxsus komissiyasining 3-sonli bayoniga ko`ra yuqori tezlik cheklangan ko`chalar xatlovdan o`tkazilib tegishli belgilar bosqichma bosqich o`rnatiladi va ushbu ko`chalarda o`rnatilgan maxsus moslamalar ham transport vositalarining tezligini aniqlashda cheklangan tezlikka, ya`ni 60 kilometr soat tezlikka moslashtiriladi.
Azizxon Murodov tezlikni 60 dan oshirgan haydovchilarga qachondan jarima yozilishi borasidagi savolga javob berdi.
"Tegishli yo`l belgilari o`rnatilib, ko`chalarda o`rnatilgan maxsus moslamalar ham transport vositalarining tezligini aniqlashda cheklangan tezlikka, ya`ni 60 kilometr soat tezlikka moslashtirilgandan so`ng amalga oshiriladi",–deydi YHXX axborot xizmati rahbari.






