O`zbekiston tarixida ilk bor siam egizaklari operasiya yo`li bilan ajratildi va bir tanada yashayotgan ikki jon endi alohida organizmlarga ega bo`lgan ikki mustaqil nafas oluvchi insonga aylanishdi. Ular Qirg`izistonda dunyo kelgan egizaklar edi. Siam egizaklarining buvisi, Qirg`iziston fuqarosi bo`lgan Xatira Primova nabiralarining murakkab jarrohlik operasiyasidan keyingi holati yaxshi ekanligidan va ushbu murakkab jarayonni aynan o`zbek shifokorlariga ishonganidan mamnun. U o`zining fikrlarini quyidagicha ifoda etdi:
Qirg`izistondan O`zbekistonga siam egizaklari bo`lgan nabiralarimni oktyabr oyida olib kelgandik. O`shanda ular 5 oylik edi. Tug`uruqxonadan olib chiqayotganimizda chaqaloqlarning yashab qolishiga umid yo`q, deyishgan. Qarindoshlarimiz orqali yurtingizning tajribali do`xtirlari bilan bog`langanimizda, bizga umid berishdi.
Bir necha oy erinmasdan onlayn konsultasiya qilib bordilar. Keyin qator tekshiruvlardan o`tkazish kerakligini aytishganida, mushkul ahvolda qoldik. Chunki biz yashayotgan O`sh shahrida bu egizaklarni tekshiruvlardan o`tkazishning imkoni yo`q edi. Shuning uchun O`zbekistonni qora tortib keldik.
Toshkentga kelganimizda chaqaloqlar jarrohi Baxtiyor Ergashev: “Mana ko`rasiz, hali bu erdan nevaralaringizni sog`lom holda, ikki qo`lingizda alohida-alohida ko`tarib chiqib ketasiz”, deb bizga dalda berdi.
Operasiya boshlanishidan oldin ham bunday amaliyot juda murakkab ekani, agar xohishimiz bo`lsa, boshqa davlatda o`tkazishimiz mumkinligi haqida aytishdi. Lekin do`xtirlarning avvalgi operasiyalari natijalari haqida xabardor bo`lganimiz uchun ularga oxirgi daqiqagacha ishonch bildirdik.
Mana, tug`ilganida yashab ketishiga hech kimning ko`zi etmagan nabiralarim 7 oylik bo`ldi. Bunga, avvalo, Allohning marhamati, so`ngra o`zbekistonlik shifokorlarning mahorati sabab. O`z kasbining haqiqiy fidoyilari bo`lgan, ishini vijdonan va halol bajarayotgan shifokorlarga rahmat aytaman.
Sog`liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov holimizdan xabar olib kelganlarida: “Xudo xohlasa, Fotima-Zuhralar ulg`ayib, shifokor bo`lib, oq xalat kiysin. O`shanda ham ularni O`zbekistonda o`qitaylik” deb tilak bildirdi. Biz ham vazir aytganidek, nabiralarim kelajakda shunday qo`li engil shifokor bo`lishini niyat qildik.
Egizaklarimiz hayotini saqlab qolib, oilamizga baxt ulashganlari uchun Respublika perinatal markaziga, muassasaning Baxtiyor Ergashev rahbarligidagi chaqaloqlar xirurgiyasi bo`limi mutaxassislariga, operasiyada ishtirok etgan Habibullo Oqilov va Nasriddin Ergashev kabi professorlar-do`xtirlar cheksiz minnatdorlik bildiraman, - deydi u.
Eslatib o`tamiz, avvalroq o`zbek shifokoroari qirg`izistonlik siam egizaklarini jarrohlik yo`li bilan ajratishgani va operasiya muvaffaqiyatli o`tgani haqida xabar bergan edik.
Shuningdek, Sog`liqni saqlash vaziri ushbu operasiyada ishtirok etgan har bir shifokorni mukofotlaganini xabar qilgandik.






