Germaniyaning etakchi OAVlari milliarder Alisher Usmonov haqidagi maqolalarini yana bir bor tahrirlashga majbur bo`ldi, deb yozadi Berliner Zeitung.
Eslatib o`tamiz, 2022 yilning sentyabr oyida Bavariyadagi bir nechta uyda keng ko`lamli tintuvlar o`tkazilgan edi. Nemis matbuoti ularni 2022 yil fevralidan beri Evropa Ittifoqi sanksiyalari ostida qolayotgan Alisher Usmonov bilan bog`lagan.
Xususan, Germaniyaning eng yirik DPA axborot agentligi o`z hisobotida tintuv qilingan «Tegernsee ko`li bo`yidagi uy»ning egasi Alisher Usmonov ekanligini ta`kidlagan.
Ma`lum bo`lishicha, Usmonov Germaniyada «pul yuvish», soliq to`lashdan bo`yin tovlash va Evropa Ittifoqi sanksiyalarini buzishda ayblanmoqda. Biroq Berliner Zeitung nashrining yozishicha, nemis rasmiylarining bu da`volari bo`yicha jamoatchilikka hali hech qanday dalil taqdim etilmagan.
Tadbirkorning o`zi Germaniyadagi ko`chmas mulk egasi emasligini ta`kidlab, barcha ayblovlarni darhol rad etgan. U yuqorida tilga olingan ob`ektlardan ijara asosida foydalangan.
O`tgan hafta Alisher Usmonovning yuristlari DPA va uning maqolasini qayta chop etgan boshqa OAVlarni o`z maqolalarini tuzatishga majbur qilishga muvaffaq bo`lgani ma`lum bo`ldi.
DPA va undan keyin bir necha o`nlab nemis nashrlari o`zlarining sentyabr oyidagi materiallariga o`zgartirishlar kiritgan. Usmonov haqidagi maqolalar olib tashlanganini Germaniyaning eng yirik internet-resurslaridan biri bo`lgan web.de va Funke media guruhiga tegishli Westfalenpost gazetasi ham xabar qilgan.
Biroq Usmonovning advokatlari nafaqat nemis matbuotini engishga muvaffaq bo`lgan, ma`lumotlarga ko`ra, ular Myunxen prokuraturasini o`z veb-saytidan Alisher Usmonovga nisbatan noto`g`ri ayblovlar tarqatilgan press-relizni olib tashlashga ham erishgan.






