“Dok-1 Maks” qabul qilganidan keyin farzandlari vafot etgan oilalarga kompensasiya pullari to`lab berilishi mumkin. Bu haqda Sog`liqni saqlash vaziri o`rinbosari Elmira Bositxonova ma`lum qildi.
Bositxonovaning aytishicha, toksikologik zaharlanish kuzatilgan bolalarning aynan “Dok-1 Maks” qabul qilib, vafot etgani tekshiruvlarda isbotlansagina kompensasiya pullari to`lab beriladi. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Hindiston hukumati tomonidan O`zbekistonda 20 nafar bolalar o`limiga sabab bo`lgan “Dok-1 Maks” dori vositasining ishlab chiqaruvchisi — “Marion Biotech” kompaniyasining lisenziyasi to`xtatilgan. Jumladan, “Dok-1 Maks” dori vositasini mamlakatga olib kirgan “QURAMAX MEDIKAL” MChJning ham lisenziyasi bekor bo`ldi.
Qayd etish joiz,“O`zfarm” agentligi tomonidan partiyada etilen glikol borligi, bu tibbiy qoidalarda ko`rsatilgan me`yordan 300 baravar yuqori ekanligi haqida ma`lum qilingan.
Shuningdek, “Quramax medical” MChJ, “Dori vositalarini standartlashtirish ilmiy markazi” MChJ mansabdor shaxslariga nisbatan JKning 186 moddasi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.






