O`zbekiston va Qozog`iston mahkumlarni jazoni o`tash uchun bir-biriga berish bo`yicha kelishuvga erishdi. Bu haqda Tengrinews xabar berdi.
Qozog`iston Majlisida "Qozog`iston Respublikasi va O`zbekiston Respublikasi o`rtasida ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm qilingan shaxslarni jazoni o`tash uchun berish to`g`risidagi shartnomani ratifikasiya qilish haqida"gi qonun loyihasi ko`rib chiqildi.
Bosh prokuror o`rinbosari Aset Chindaliev so`zlariga ko`ra, Qozog`iston va O`zbekiston o`rtasida mahkumlarni topshirish bo`yicha kelishuv gumanitar ahamiyatga ega.
"Bu choralar birinchi navbatda insonparvarlik xarakteriga ega. Ko`p hollarda boshqa davlatda jazo o`tayotganlar mahalliy aholining tili va urf-odatlarini bilmaydi. Odamlar bilan muloqot murakkablashadi, chunki atrof-muhit boshqacha. Qarindosh-urug` va do`stlardan uzoqda. Bunday odamni jamiyatga moslashtirish unchalik oson emas", dedi u.
Bosh prokuror o`rinbosari so`zlariga ko`ra, vataniga qaytish uchun avvalo mahkumning o`zi rozi bo`lishi kerak.
"Shartnoma shartlariga kelsak, mahkumni boshqa joyga o`tkazish uchun birinchi navbatda uning roziligi kerak - shaxs o`z mamlakatida jazoni o`tash niyati haqida ariza berishi kerak", dedi Chindaliev.
Uning ta`kidlashicha, mahkumni ekstradisiya qilish uchun qo`yiladigan talablar bir qancha.
"Birinchi navbatda u fuqarolikka ega bo`lishi, qilmishi har ikki davlatda ham jinoyat hisoblanishi, jazoni o`tash muddati kamida bir yil bo`lishi kerak. Shuningdek, bunga har ikki davlat ham rozilik berishi kerak. Agar uning topshirilishi mamlakat suvereniteti va xavfsizligiga putur etkazsa, bu milliy qonunchilikka zid bo`lsa va shaxsga nisbatan sud yoki tergov jarayoni davom etayotgan bo`lsa yoki uning moliyaviy qarzlari bo`lsa, mahkumlar ekstradisiya qilinmaydi", deb xulosa qildi u.
Qozog`iston Bosh prokuraturasi ma`lumotlariga ko`ra, Qozog`istonda sudlangan 225 nafar O`zbekiston fuqarosi o`z mamlakatida jazoni o`tash istagini bildirgan. Shu bilan birga, O`zbekistonda sudlangan 20 nafar qozog`istonlik bor.






