AsosiyJamiyat

Qashqadaryo hokimligi Xitoy kompaniyasi bilan bitim imzoladi: viloyatning uchta tumanida zamonaviy osma dor yo`llari quriladi

'Qashqadaryo hokimligi Xitoy kompaniyasi bilan bitim imzoladi: viloyatning uchta tumanida zamonaviy osma dor yo`llari quriladi'ning rasmi

Qashqadaryo viloyati hokimi Murodjon Azimov Xitoy Xalq Respublikasining China SAMS Engineering So.,LTD kompaniyasi delegasiyasi bilan videokonferensaloqa formatida uchrashuv o`tkazdi. Bu haqda "darakchi.uz"ga viloyat hokimligi axborot xizmati rahbari Ahror Sodiqov ma`lum qildi.

Ma`lum qilinishicha, uchrashuvda O`zbekistonning Xitoy Xalq Respublikasidagi elchisi Farhod Arziev ham qatnashdi. Unda viloyat hokimligi va Xitoy kompaniyasi o`rtasida o`zaro hamkorlik bo`yicha ikki tomonlama bitim imzolandi. Bitimda tomonlar viloyatning Kitob, Qamashi va Shahrisabz tumanlarida zamonaviy osma dor yo`llarini barpo etish va ularni birgalikda boshqarishni, viloyatda muqobil (quyosh, shamol va boshqalar) va energiya tejovchi texnologiyalarni ishlab chiqarishni, shuningdek, zamonaviy agrologistika markazlarini qurish va tomonlar uchun manfaatli bo`lgan boshqa investision loyihalarni amalga oshirishni kelishib olishdi.

Qo`shimcha qilinishicha, loyihalarni tez fursatda amalga oshirish va doimiy aloqa almashish maqsadida ikki tomonlama ishchi guruh tuzish va ishlarni belgilab olishga kelishilgan. Xitoy kompaniyasi bosh direktori Li Xaysin O`zbekiston bozori kompaniyaning investisiyaviy faoliyatida muhim o`rin tutishini, 2022 yil 17 sentyabrda Samarqandda o`tkazilgan ShHT davlat rahbarlari kengashining 22-majlisi tadbirlari doirasida davlat rahbarlarining o`zaro uchrashuvlaridan kelib chiqib, kompaniyaning O`zbekistondagi faoliyati yanada faollashganini aytgan.

Jumladan, kompaniya 2025 yilda Toshkentda Yoshlar o`rtasidagi Osiyo va Paraosiyo o`yinlari o`tkaziladigan Olimpiya shaharchasi qurilishida bosh loyihachi bo`ldi. Qisqa muddatda kompaniya mutaxassislari O`zbekistonga kelib, osma dor yo`llari quriladigan hududni o`rganishiga kelishib olindi. O`z navbatida, Qashqadaryo viloyati hokimi Murodjon Azimov ham Kitob tumanida 500 gektar maydonda «Qaynar» zamonaviy turistik kompleksi qurilayotganini, unda osma dor yo`llari va boshqa zamonaviy turistik ob`ektlar qurilishini, qisqa muddatda osma dor yo`llarini qurish bo`yicha Xitoy mutaxassislari ishtirokida o`rganish missiyasi o`tkazilgandan keyin, ikkinchi bosqichda, fevral oyida osma dor yo`llarini qurish bo`yicha investisiya shartnomasini imzolash lozimligini aytdi. Xitoy kompaniyasining tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish, uning tovar va xizmatlarini ommalashtirish maqsadida Qarshi shahrida kompaniyaning loyiha boshqaruv ofisini tashkil qilish, kompaniyaning muqobil energiya manbalarini ishlab chiqarish bo`yicha eng zamonaviy texnologiyalarini jalb qilishni taklif qildi.

    Boshqa yangiliklar