AsosiyJamiyat

Bugun lavozimidan ozod etilgan rahbarlarning ishini DXX va Bosh prokuratura o`rganadi

'Bugun lavozimidan ozod etilgan rahbarlarning ishini DXX va Bosh prokuratura o`rganadi'ning rasmi

Prezident boshchiligida o`tayotgan yig`ilishda hokimlar, sektor rahbarlari, mahalla raislari, hokim yordamchilari, yoshlar etakchilari va xotin-qizlar faollari uyma-uy yurib, aholidan xabar olishlari kerakligi ko`rsatib o`tildi.

“Saxovat va ko`mak” jamg`armasidan yolg`iz qariyalar, ko`p farzandli ehtiyojmand oilalarga issiq kiyim, oziq-ovqat tarqatish, eng og`ir hollarda ularni sharoiti bor joylarga joylashtirish, mahallalarda issiq ovqat tarqatish punktlarini tashkil etish topshirildi.

Har bir dehqon bozorida sharoitlarni yaxshilash va narx-navo tartibga solish, yirik korxonalar, ijtimoiy ob`ektlar rahbarlari xodimlarini uyushgan holda ishga olib kelishga avtobus qatnovlarini tashkil etish vazifasi qo`yildi.

Yong`inni oldini olish bo`yicha amaliy va tushuntirish ishlarini kuchaytirish, xonadonma-xonadon isitish vositalaridan to`g`ri foydalanish bo`yicha tushuntirish ishlarini tashkil qilish bo`yicha topshiriq berildi.

Avtomobilga gaz quyish shoxobchalarida davom etayotgan o`g`irliklarga barham berish shartligi ta`kidlandi.

Misol uchun, o`tgan haftada birgina Vobkent tumani va Buxoro shahridagi 3 ta shoxobchada 26 million kubmetr (26 milliard so`mlik) gazdan yashirincha foydalanish holatlari aniqlangan. Ushbu gaz hajmi bilan 44 ming xonadonni yoki bitta katta tuman aholisini 1 oy gaz bilan ta`minlash mumkin edi.

Bosh prokurorning birinchi o`rinbosari Valievga shu masalada tartib o`rnatish topshirildi.

Umuman, Davlat xavfsizlik xizmati va Bosh prokuraturaga bugun lavozimidan ozod etilgan mutasaddilarning faoliyatini o`rganish va qonun buzilishlari aniqlangan taqdirda, qat`iy javobgarlikka tortish topshirildi. 

Yig`ilish yakunida tegishli mutasaddilar va hududlar hokimlari hisobot berdi.

    Boshqa yangiliklar