Fuqaro murojaati asosida sobiq Jismoniy tarbiya va sport vazirligi mansabdor shaxslarining noqonuniy xatti-harakatlari yuzasidan o`rganish o`tkazildi hamda bir qator xato va kamchiliklar aniqlandi. Bu haqda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi matbuot xizmati xabar qildi.
Jumladan, 2019 yilda Italiyaning Pediluko shahrida akademik eshkak eshish bo`yicha o`tkazilgan turnir hamda o`quv yig`ini mashg`uloti uchun sarflangan 334,0 mln so`m, 20 680 evro va 1500 AQSh dollari miqdoridagi mablag`larni tasdiqlovchi hujjatlar mavjud emasligi ma`lum bo`ldi.
Shuningdek, 2020 yilda budjet mablag`lari hisobidan jami 2,9 mlrd so`mlik 6 ta shartnoma bo`yicha sotib olingan jihozlarning foydalanish uchun tarqatilganligini tasdiqlovchi hujjatlar mavjud emasligi aniqlandi.
Shu va boshqa bir qator holatlar bo`yicha to`plangan hujjatlar qonuniy baho berish uchun O`zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga yuborildi.
Aniqlangan holatlar yuzasidan tergovga qadar tekshirish o`tkazilib, natijasi bo`yicha prokuratura idoralari tomonidan Jinoyat Kodeksining 167-moddasi 3-qismi, “a” bandi va boshqa moddalari bilan jinoyat ishi qo`zg`atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.






