Avvalroq, Toshkent shahridagi Tez tibbiy yordam xizmati haydovchilarining tezlik bo`yicha jarima kelayotganidan norozi bo`lib yo`llagan videomurojaatini e`tiboringizga havola etgan edik.
Kuni-kecha ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqalib, muhokamalarga sabab bo`lgan ushbu videomurojaat bilan bog`liq holat yuzasidan jinoyat ishlari bo`yicha Uchtepa tuman sudida MJtKning 183-moddasi (mayda bezorilik) va 202-2-moddasi (yolg`on axborot tarqatish) 2-qismi bo`yicha M. Samiqov (1974 yilda Toshkent shahrida tug`ilgan, Toshkent shahar Sog`liqni saqlash bosh boshqarmasi maxsuslashtirilgan avtoxo`jaligi haydovchisi) va D. Kasimov (1972 yilda Toshkent shahrida tug`ilgan, Toshkent shahar Sog`liqni saqlash bosh boshqarmasi maxsuslashtirilgan avtoxo`jaligi mexanigi) ga nisbatan yuritilgan ma`muriy ish ko`rib chiqildi.
Sud majlisida aniqlanishicha huquqbuzar M. Samiqov 2023 yil 9 yanvar kuni Telegram messenjeri orqali Sog`liqni saqlash bosh boshqarmasining maxsuslashtirilgan avtoxo`jaligiga Toshkent shahar IIBB YHXBdan yuborilgan tez tibbiy yordam avtomashinalari tomonidan sodir etilgan huquqbuzarliklar uchun tayinlangan qarorlarda belgilangan jarimalarni go`yoki tez tibbiy yordam haydovchilarining oyligidan olinib qolinayotganligi xaqida yolg`on ma`lumotlarni ijtimoiy tarmoqlarga joylagan. M. Samiqov shu sababli tez tibbiy yordam xizmati avtomashinalari chaqiruvga o`z vaqtida etib borilmasligida ularni ayblamasliklarini ro`kach qilib, ushbu harakatlari bilan jamoat tartibiga tahdid soluvchi hamda keng jamoatchilikning muhokamasiga va e`tiroziga sababchi bo`lgan yolg`on axborot tarqatgan.
Jinoyat ishlari bo`yicha Uchtepa tumani sudining 2023 yil 11 yanvardagi qarori bilan M. Samiqovning harakatlarida MJtKning 183-moddasida nazarda tutilgan huquqbuzarlik alomatlari yo`qligi sababli ishning shu qismi MJtKning 271-moddasi (ma`muriy huquqbuzarlik to`g`risidagi ishlarni yuritishni istisno etuvchi holatlar) 1-bandiga asosan harakatdan tugatildi. M. Samiqov MJtKning 202-2-moddasi 2-qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etganlikda aybli deb topilib, u MJtKning 21-moddasi (huquqbuzarlikning kam ahamiyatliligi sababli ma`muriy javobgarlikdan ozod qilish) ga asosan ma`muriy javobgarlikdan ozod etildi va ogohlantirildi.
D. Kasimovning harakatlarida MJtKning 183-moddasi va 202-2-moddasi 2-qismida nazarda tutilgan huquqbuzarliklar alomatlari yo`qligi sababli unga nisbatan yuritilgan ma`muriy ish MJtKning 271-moddasi 1-bandiga asosan harakatdan tugatildi, deyiladi xabarda.






