Ijtimoiy tarmoqlarda Respublika tez tibbiy yordam markazi Andijon filialining kadrlar bo`limi inspektori J.M. pora olayotgan vaqtda qo`lga olingani haqida xabarlar tarqaldi.
Mazkur holat Sog`liqni saqlash vazirligi tomonidan o`rganilganda, J.M. 2022 yil 25 dekabr sanasidan Respublika tez tibbiy yordam markazi Andijon hududiy filialining kadrlar bo`limida inspektor sifatida ish boshlaganligi aniqlandi, deya xabar bermoqda SSV.
U 2023 yil 7 yanvar kuni soat 13:00lar atrofida Andijon shahrining Soy mahallasi hududidagi dorixona oldida fuqaroni ishga olib kirib qo`yish evaziga undan 400 AQSh dollarini olayotgan paytda huquq-tartibot organlari xodimlari tomonidan qo`lga olingan.
Hozir mazkur voqea yuzasidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Vazirlik tomonidan ushbu holat o`rganilib, e`tiborsizligi oqibatida korrupsiyaviy holat sodir etilishiga sharoit yaratib bergani, muassasa xodimlari o`rtasida etarlicha tushuntirish ishlarini olib bormagani uchun Respublika tez tibbiy yordam markazi Andijon filiali direktori I. A. va kadrlar bo`limi boshlig`i E.X. egallab turgan lavozimidan ozod etildi.






