Ijtimoiy tarmoqlarda Xorazm viloyati Ekologiya boshqarmasi xodimlarining ov jarayonida aks etgan suratlar tarqaldi.
Ekologiya qo`mitasi holat yuzasidan o`tkazilgan xizmat tekshiruvi natijasini ma`lum qildi.
Xizmat tekshiruvi davomida 2019 yilning yanvar oyida Yangibozor tumanida I.Qo`chqorov o`ziga tegishli bo`lgan ov quroli va ov qilish guvohnomasi bilan ovga chiqganligi, biroq u tegishli tartibda ov qilish yo`llanmasini olmasdan, 2 bosh yovvoyi churrakni ovlaganligi ma`lum bo`lgan.
Shuningdek, o`rganishlar jarayonida shu kuni J. Sobirov va N. Olloberganov Yangibozor tumani hududida reyd tadbirini amalga oshirayotgan vaqtida voqea joyida I.Qo`chqorovni uchratib, ular birgalikda suratga tushishganligi, ammo inspektorlar tomonidan ushbu qonunbuzilish holati yuzasidan tegishli tartibda hech qanday chora ko`rilmagani aniqlangan.
Qayd etilishicha, hozirda I. Qo`chqorov ekologiya tizimida ishlamaydi. U bilan tuzilgan mehnat shartnomasi o`zining xohishiga ko`ra, 2022 yil 1 noyabrdan bekor qilingan.
Ushbu holat yuzasidan I.Qo`chqorovga nisbatan to`plangan hujjatlar O`zbekiston Respublikasining “Ma`muriy javobgarlik to`g`risida"gi kodeksining 36 va 38-moddalariga asosan ko`rib chiqish uchun tegishli tartibda rasmiylashtirilib, sud organlariga taqdim etilgan.
J.Sobirov va N.Olloberganov o`z faoliyatini sohaga oid qonun hujjatlari, nizom va lavozim yo`riqnomasida belgilangan vakolatlari doirasida amalga oshirmaganligi qonuniy tartibda ko`rib chiqilib, ular egallab turgan lavozimidan ozod etish to`g`risida qaror qabul qilindi.






