Joriy yilning 1 yanvardan boshlab Toshkent, Samarqand, Buxoro, Farg`ona va Urganch aeroportlarida Davlat soliq qo`mitasi tomonidan tashkil etilgan "Tax Free" xizmati shoxobchalari ish boshladi.
Ma`lumot uchun, "Tax Free" tizimi xorijiy fuqarolarga O`zbekistonda chakana savdo bilan shug`ullanuvchi tadbirkorlardan ayrim turdagi tovarlarni xarid qilishda to`langan QQS (qo`shilgan qiymat solig`i) summalarini qaytarib olish imkonini beradi. Keshbek to`lanadigan tovarlar ro`yxati Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 8 noyabrdagi "Chet davlat fuqarolari tomonidan O`zbekiston Respublikasi hududidan chiqib ketishda avval xarid qilingan tovarlar uchun qo`shilgan qiymat solig`ini qaytarish tizimini joriy etish to`g`risida"gi Qarorida belgilangan. Bu ro`yxatdan suvenirlar, yong`oqlar, mevalar va quritilgan mevalar, charm va mo`ynali mahsulotlar, gilamlar, tekstil mahsulotlari va boshqalar o`rin olgan.
Qayd etish joizki, QQS to`lovini qaytarish uchun “Soliq” mobil ilovasida ro`yxatdan o`tish va u orqali xaridlar uchun olingan cheklarni skanerlash lozim. Aeroportdan jo`nab ketayotganda yo`lovchi reysga ro`yxatdan o`tishi, so`ngra "Tax Free" xizmatiga borib, bortga chiqish taloni va tovarning o`zini ko`rsatishi kerak. Ro`yxatdan o`tgan tovarlarni qo`l yukida tashish uchun qoldirish yoki ro`yxatdan o`tish joyiga qaytib, bagaj sifatida ro`yxatdan o`tkazish mumkin.
"Tax Free" xizmatidan foydalanish uchun sotib olingan tovarlarning umumiy summasi 1 million so`mdan yuqori bo`lishi lozim. Bundan tashqari, mahsulot ochilmagan va ishlatilmagan bo`lishi kerak. Soliq qo`mitasi xodimlari tovarlarning barcha mezonlarga muvofiqligini tekshirgandan so`ng, keshbekni rasmiylashtiradilar. Turli toifadagi tovarlar uchun yo`lovchi QQS summasining 90 foizigacha keshbek olishi mumkin. Keshbek yo`lovchining kartasiga rasmiylashtiriladi va ro`yxatdan o`tgan oydan keyingi oyning
25 kunidan keyin to`lab beriladi.






