Qish mavsumida aholi va ijtimoiy soha ob`ektlarini tabiiy gaz bilan barqaror ta`minlash maqsadida Energetika vaziri boshchiligidagi ishchi guruh (Ichki ishlar va Prokuratura organlari xodimlari bilan hamkorlikda) tomonidan o`tkazilgan nazorat tadbirida Toshkent viloyatida joylashgan AGTKSh tabiiy gaz va elektr energiyasidan noqonuniy foydalanib kelayotgani aniqlandi. Bu haqda Energetika vazirligi Matbuot xizmati xabar berdi.
Xususan, 3 yanvar kuni soat 21:00lar atrofida Yangiyo`l tumanida joylashgan “Hamkor gaz servis” MChJga qarashli avtomobillarga gaz to`ldirish kompressor shoxobchasi (AGTKSh) belgilangan o`chirish grafigiga rioya etmagan holda faoliyat ko`rsatayotganligi ma`lum bo`ldi.
Mazkur shoxobchaning gaz hisoblash uskunasi ko`zdan kechirilganda, uskunaga tashqi ta`sir ko`rsatilganligi, ya`ni shoxobcha faoliyat ko`rsatayotgan bo`lsada, uskuna ishlamayotganligi (ko`rsatkichlari "0" holatda ekanligi) aniqlandi hamda tabiiy gaz etkazib berish to`xtatilib, gaz hisoblagich ekspertizadan o`tkazish uchun echib olindi.
Shuningdek, shoxobchaning elektr ta`minoti holati o`rganildi. Xususan, elektr hisoblagich ma`lumotlarini ma`lumotlar bazasi bilan solishtirilganda noyabr oyidan buyon aloqa mavjud emasligi aniqlandi va hisoblagich ekspertizaga yuborildi.
Shu bilan birga, ushbu AGTKShning gaz hisoblagichi belgilangan tartibga zid ravishda o`rnatilganligi aniqlandi.
Mazkur holat bo`yicha viloyat prokuraturasi tomonidan AGTKShga va "O`ztransgaz" AJ hududiy boshqarmasi mas`ullariga nisbatan jinoyat ishi qo`zg`atildi. Hududlar bo`ylab nazorat tadbirlari davom ettirilmoqda.






