Yangi yilning ilk kuni yana bir shov-shuv va muhokamalar bilan boshlandi. O`zbekiston Jurnalistika va ommaviy komunikasiyalar universiteti rektori Sherzod Qudraxo`janing telekanaldagi ko`rsatuvda maktablarda o`qitilayotgan fanlar haqidagi fikrlari keskin muhokamalarga sabab bo`lmoqda.
"Hozir maktablarda 22 ta fan o`qitiladi. Fanlarni va dars soatlarini qayta ko`rib chiqishimiz kerak. Masalan, biz yoshligimizda fizika va ximiya fanlariga juda chuqur kirib ketib o`qiganmiz. Lekin hozir menga bu fanlar kerak bo`lmayapti. Hamma ham fizik bo`lavermaydi..." degan u.
Uning bu fikrlari muhokama va tanqdlarga sabab bo`lgach, Qudratxo`ja bayonot bilan chiqdi.
“Fizika va kimyoni o`rgatishda eski qoliplardan voz kechish kerak, demoqchi edim. Tabiiy fanlar haqidagi fikrlarim noto`g`ri talqin qilindi", - deydi murojaatida.
Ayni paytda ushbu holatga Maktabgacha va maktab ta`limi vaziri Hilola Umarova ham munosabat bildirdi:
Maktablarda fizika va kimyo fanlari qisqartirilishi yuzasidan ijtimoiy tarmoqlar orqali keng muhokama qilinayotgan munozaralarga ta`lim sohasiga mas`ul rahbar sifatida fikr bildirib o`tmoqchiman.
Kelajakda gumanitar sohani egallaydigan o`quvchilarga fizika yoki kimyo fanlarini o`qitish kerak emas, deyish mumkin emas. Sababi har bir inson qaysi kasbni tanlamasin, mavjud ilmiy paradigma asosida dunyo qanday tuzilganini bilishi shart.
Fizika va kimyo kabi fundamental fanlarni o`qitish asnosida insonning fikrlash qobiliyati rivojlanadi. Bunday salohiyatga ega bo`lgan shaxs esa hodisalarni tahlil qilish, tushunish va tushuntirishga qodir bo`ladi. Shunday ekan, ta`lim sohasiga mas`ul rahbar sifatida ushbu fundamental fanlarni maktab o`quvchilariga o`qitilishini bekor qilinishi haqidagi fikrlar hech bir asosga ega emasligini va bunday xavotirga o`rin yo`qligini ma`lum qilaman. Aksincha, endilikda biz maktablarda ushbu fanlarni o`qitishni amaliyot bilan bog`lash ustida bosh qotirishimiz va buning uchun barcha zarur shart-sharoitlarni yaratishga bor e`tiborimizni qaratishimiz zarur", - dedi yangi tayinlangan vazir.






