Qadrli vatandoshlar!
Siz, azizlarni, ko`pmillatli butun xalqimizni kirib kelayotgan Yangi yil bilan chin qalbimdan samimiy tabriklayman.
Barchangizga o`zimning yuksak hurmatim va ezgu tilaklarimni bildiraman.
2022 yilda mashaqqatli va jasoratli mehnatimiz bilan taraqqiyot yo`lida muhim marralarga erishdik. Inson qadrini ulug`lash, xalqimizni rozi qilish borasida yangi qadamlar qo`ydik.
Dunyodagi g`oyat murakkab vaziyat, global inqirozga qaramasdan, O`zbekiston iqtisodiyoti izchil rivojlanmoqda.
Mirishkor dehqon va fermerlarimiz fidokorona mehnat qilib, mo`l hosil etishtirdilar.
Sanoat, qurilish, raqamli texnologiyalar, turizm sohalari jadal rivojlanmoqda.
Shahar va qishloqlarimiz, butun yurtimiz har tomonlama obod bo`lmoqda.
Yangi ish o`rinlari tashkil etilib, aholi daromadlari va hayot darajasi oshmoqda.
Yoshlarimiz xalqaro maydonlarda iste`dod va mahoratini namoyon etib, Vatanimizni dunyoga tanitmoqda.
Xalq ovozi bo`lgan mahallaning hayotimizdagi o`rni va ta`siri kuchaymoqda.
Eng muhimi, yurtimizda tinchlik va barqarorlik, millatlar va dinlararo totuvlik hukm surmoqda.
O`zbekistonimizning jahon hamjamiyatidagi obro`-e`tibori yuksalmoqda.
Shu qutlug` ayyomda erishgan barcha yutuqlarimizning bunyodkori bo`lgan siz, aziz yurtdoshlarimga, butun xalqimizga yana bir bor minnatdorchilik bildiraman.
Muhtaram do`stlar!
Mamlakatimizda 2023 yilga “Insonga e`tibor va sifatli ta`lim yili”, deb nom berdik.
Yangi yilda insonni qadrlash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini, qonuniy manfaatlarini ta`minlashga qaratilgan ishlarimizni yuqori bosqichga ko`taramiz.
Farzandlarimiz sifatli ta`lim va tarbiya olib, barkamol shaxs bo`lishlari uchun boshlagan ishlarimizni izchil davom ettiramiz.
Muhtaram faxriylarimiz, aziz ayollarimiz, shuningdek, yordamga muhtoj insonlar uchun munosib sharoit yaratish e`tiborimiz markazida bo`ladi.
Ilm-fan, tibbiyot, madaniyat va san`at sohalari vakillarini, o`qituvchi va murabbiylarni qo`llab-quvvatlashga ustuvor ahamiyat qaratamiz.
Muxtasar aytganda, jonajon Vatanimizda hech bir inson jamiyatimiz va davlatimizning mehri va e`tiboridan chetda qolmaydi. Buning uchun bor kuch va imkoniyatlarimizni safarbar etamiz.
Aziz va qadrli vatandoshlarim!
Qalblarimiz pok niyatlarga to`lib turgan ushbu quvonchli lahzalarda sizlarni, butun xalqimizni yangi – 2023 yil bilan yana bir bor chin dildan muborakbod etaman.
Barchangizga sihat-salomatlik, xonadonlaringizga fayzu baraka, oilaviy baxtu saodat tilayman.
Yangi yilning qadami qutlug` kelsin!
Barcha ezgu niyatlarimiz amalga oshsin!
Yurtimiz tinch, xalqimiz omon bo`lsin!
Yangi yil barchamizga muborak bo`lsin!
Shavkat Mirziyoev,
O`zbekiston Respublikasi Prezidenti






