Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti (JSST) O`zbekistonda “DOK-1 Maks” siropini qabul qilish ortidan vafot etgan bolalar o`limi yuzasidan O`zbekiston rasmiylari bilan aloqadaligini ma`lum qildi. Bu haqda ANI news xabar berdi.
“Biz O`zbekiston rasmiylari bilan aloqadamiz. Hali ham ma`lumot yig`ish va ularni tasdiqlash jarayonidamiz”, — deya JSST nashrga ma`lumot berdi.
Eslatib o`tamiz, O`zbekistonda "Dok-1 Maks" dori vositasidan bolalar o`rtasidagi o`lim holatlari aniqlangan edi. Shundan so`ng SSV O`zbekistonda "Dok-1 Maks" dori vositalarini dorixonalardan qaytarib olishni boshladi va sirop ishi bo`yicha o`rganish natijalarini e`lon qildi.
Hozircha, dorining salbiy ta`siri oqibatida vafot etgan bolalar soni 20 nafarga etgan.
Davlat xavfsizlik xizmatining Tergov boshqarmasi tomonidan “Quramax medical” MChJ hamda “Dori vositalarini standartlashtirish ilmiy markazi” MChJ mansabdor shaxslariga nisbatan Jinoyat Kodeksining 186-3 moddasi 4-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, gumonlanuvchi shaxslar DXX Tergov hibsxonasiga joylashtirildi.
Ushbu voqealar ortidan Qirg`izistonda ham “Dok-1 Maks” dori vositalarini sotish taqiqlandi. 30 dekabrdan boshlab esa Hindistonning Marion Biotech kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan O`zbekistondagi barcha dori vositalarining savdosi to`xtatildi.






