AsosiyJamiyat

Alkogol va tamaki mahsulotlarining iste`molini cheklash borasida yangi talablar joriy qilinmoqda

'Alkogol va tamaki mahsulotlarining iste`molini cheklash borasida yangi talablar joriy qilinmoqda'ning rasmi

Senatning  o`ttiz oltinchi yalpi majlisida “Alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishini hamda iste`mol qilinishini cheklash to`g`risida”gi Qonun muhokama qilindi, deya yozmoqda Senat axborot xizmati. 

Qayd etilishicha, mazkur Qonun Senatning  yigirma ettinchi yalpi majlisida senatorlar tomonidan rad etilib, Qonun bo`yicha yuzaga kelgan kelishmovchiliklarni bartaraf etish uchun Oliy Majlis palatalari tomonidan kelishuv komissiyasi tuzilgan edi.

Kelishuv komissiyasining a`zolari tomonidan bildirilgan fikr-mulohazalar, taklif va e`tirozlar e`tiborga olinib, Qonunchilik palatasi tomonidan Qonun tasdiqlangan.

Qonun bilan alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishini hamda iste`mol qilinishini cheklash bo`yicha bir qancha yangiliklar kiritilishi kutilmoqda.
Alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishi hamda iste`mol qilinishini cheklash, ularning salbiy ta`sirini profilaktika qilishning davlat tomonidan kafolatlanishi alohida ahamiyat kasb etadi.

Shu boisdan alkogol va tamaki mahsulotlari, tamakini hamda nikotinni iste`mol qilish moslamalarining yigirma bir yoshga to`lmagan shaxslarga realizasiya qilish va ushbu shaxslar tomonidan realizasiya qilinishi, alkogol va tamaki mahsulotlarini iste`mol qilish jarayoniga ushbu shaxslarni jalb etish taqiqlanmoqda. Ushbu yosh chegarasi amaldagi Qonunga nisbatan uzaytirilmoqda.

Shuningdek, alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishi hamda iste`mol qilinishini cheklash bo`yicha faoliyatni amalga oshiruvchi organlar safi kengaytirilmoqda va ularning sohadagi vakolatlari aniq belgilanmoqda.

Bundan tashqari, alkogol va tamaki mahsulotlari, shuningdek tamaki hamda nikotinni iste`mol qilish moslamalarining realizasiya qilinishiga doir cheklovlar ham kiritilmoqda.
Qonun senatorlar tomonidan ma`qullandi.

    Boshqa yangiliklar