Bugun Senatning o`ttiz oltinchi yalpi majlisida “O`zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o`zgartish va qo`shimchalar kiritish to`g`risida”gi Qonun ko`rib chiqildi, deya xabar bermoqda Senat axborot xizmati.
Ushbu huquqiy hujjatni ko`rib chiqish jarayonida senatorlar yo`llarimizda sodir bo`layotgan yo`l-transport hodisalari jamiyatimizni xavotirga solayotganini qayd etib, ularning kelib chiqish sabablarini aniqlash va ularning oldini olishda tegishli mas`ul xodimlarning mas`uliyatini yanada oshirilishi lozimligini ta`kidladi.

Shu bilan birga, o`rganishlar ko`rsatganidek, avtomototransport vositalari haydovchilarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimida ham mavjud bo`lgan kamchiliklar avtomobil yo`llarida turli qoidabuzarliklar va o`lim bilan tugayotgan yo`l-transport hodisalarining sodir etilishiga sabab bo`lmoqda.

Qonunga ko`ra avtomototransport vositalari va shahar elektr transporti vositalari haydovchilarini tayyorlash hamda qayta tayyorlash bo`yicha faoliyatni, shuningdek avtomototransport vositalari va shahar elektr transporti vositalari haydovchilarining malakasini oshirish yuzasidan xabardor qilish tartibida amalga oshiriladigan faoliyatni lisenziyalash bo`yicha vakolatli organ maqomi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta`lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasidan Ichki ishlar vazirligiga o`tkazilmoqda.

Bundan tashqari, Qonun bilan avtomototransport vositalari va shahar elektr transporti vositalari haydovchilarini tayyorlash hamda qayta tayyorlash sohasida faoliyatni lisenziyalash uchun to`lanadigan davlat boji bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravari miqdorida belgilanmoqda.
Shuningdek, “Davlat boji to`g`risida”gi hamda “Lisenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to`g`risida”gi qonunlarga tegishli o`zgartish va qo`shimchalar kiritilmoqda.

Qonun senatorlar tomonidan ma`qullandi.






