Aqidaparastlik g`oyalarini targ`ib qilgan yana bir shaxsga sud hukmi o`qildi. Bu haqda "darakchi.uz"ga DXX matbuot xizmati xabar qildi.
Ma`lum qilinishicha, 1999 yil Jizzax viloyatida tug`ilgan X.B. 2019 yil ishlash maqsadida Rossiya Federasiyasiga borib, ijtimoiy tarmoqlar orqali “Tavhid va jihod katibasi”, “Turkiston islom harakati” kabi terroristik tashkilotlar tarafdorlarining ta`siriga tushib qoladi.
Ular bilan bo`lgan virtual muloqotlarda Suriyadagi vaziyat, “jihod” qilish, u erga borish yo`l-yo`riqlari va harajatlari bo`yicha fikrlar almashadi.
Shuningdek, “Telegram” messenjerida virtual kanal ochib, O`zbekiston Respublikasining amaldagi davlat tuzumini Konstitusiyaga xilof tarzda o`zgartirishga da`vat etuvchi hamda aqidaparastlik g`oyalari bilan yo`g`rilgan materiallarni targ`ib qilish bilan shug`ullanadi.
2021 yil O`zbekistonga qaytib kelgach, ijtimoiy tarmoqlarda aqidaparastlik mazmunidagi materiallarni tarqatishni davom ettiradi.
Davlat xavfsizlik xizmatining Jizzax viloyati bo`yicha Boshqarmasi xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida uning noqonuniy harakatlariga chek qo`yildi.
Jinoyat ishlari bo`yicha Paxtakor tuman sudi tomonidan mazkur shaxs Jinoyat Kodeksining 159 va 2441-moddalari bilan aybdor deb topilib, unga 3 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.






