Surxondaryo viloyati Uzun tumanida yuqori tezlikda harakatlangan Lacetti daraxtga urilishi oqibatida bir kishi halok bo`ldi. Bu haqda viloyat IIB YHXB matbuot xizmati xabar berdi.
Joriy yilning 17 dekabr kuni taxminan soat 00:40 larda Uzun tumani «Qarashiq» mahallasi hududidan o`tuvchi 4R108A avtomobil yo`lining 13-kilometrida Sariosiyo—Uzun yo`nalishida harakatlanib ketayotgan Lacetti haydovchisi yo`l chetidagi daraxtga urilib, YTH sodir etadi.
Avtomashina salonida bo`lgan haydovchi va yo`lovchi shu paytning o`zida tuman shoshilinch tez tibbiy yordam bo`limiga olib boriladi.
«Oq Lacetti katta tezlikda o`tib ketdi. Mashina siltana boshladi. Haydovchi boshqaruvni yo`qotib, mashina aylanib ketdi. Avtomobil ichidan bolalarni chiqarib oldik, ‘nasilka’ga qo`ydik. Og`ir ahvoldagisini Damas’ga joyladik. Ikkinchisi hushiga keldi. Ketayotganimizda do`xtir bemorni tekshirib, uning joni uzilganini aytdi. Keyin shifoxonaga olib bordik», — dedi voqea guvohlaridan biri.
Aniqlanishicha, 2004 yilda tug`ilgan fuqaro qarindoshiga tegishli bo`lgan avtomashinani boshqargan vaqtida yuqori tezlik oqibatida boshqaruvni yo`qotgan.






