AsosiyJamiyat

Surxondaryoda to`rtta tumanning elektr ta`minoti korxonalari rahbarlariga jinoyat ishi qo`zg`atildi

'Surxondaryoda to`rtta tumanning elektr ta`minoti korxonalari rahbarlariga jinoyat ishi qo`zg`atildi'ning rasmi

Surxondaryoning Muzrabot, Qiziriq, Sherobod va Uzun tumani EKT rahbarlari va boshqa mansabdorlar umumiy hisobda davlatga 7 mlrd so`mdan ziyod zarar etkazgani ma`lum bo`ldi. Hozirda holatlar bo`yicha tegishli moddalar bilan jinoyat ishlari qo`zg`atildi. Bu haqda Surxondaryo viloyatining prokuraturasi matbuot xizmatining xabar berdi.

 

Viloyatning to`rtta tumanidagi elektr ta`minoti korxonasi boshlig`i va mansabdorlariga jinoyat ishi qo`zg`atildi.

Xususan, Muzrabot tuman elektr ta`minoti korxonasi boshlig`i A. Q. va boshqalar xizmat vazifalarini lozim darajada bajarmasdan yuridik shaxsning elektr energiyasidan qariyb 264 mln so`mlik to`lov muddati o`tgan debitorlik qarzdorligi mavjud bo`lsada, iste`molchilarni elektr energiya tarmog`idan uzmagan.

Shuningdek, suv ta`minot bo`limi muhandis energetigi B. K. suv nasoslari hamda elektrodvigatellarni elektr hisoblagichdan tashqari to`g`ridan-to`g`ri elektr tarmog`iga ulab foydalanib kelinayotganligi oqibatida "Surxondaryo hududiy elektr tarmoqlari" korxonasi manfaatlariga 129,7 mln so`m zarar etkazilgan.

Mazkur holat yuzasidan departamentning Muzrabot tuman bo`limi tomonidan Jinoyat kodeksining 205-moddasi (Hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste`mol qilish) 2-qismi "a" bandi, 185−2-moddasi (Qimmatbaho metallar yoki toshlarni topshirish qoidalarini buzish) va 3-qismi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilgan. Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Shuningdek, Qiziriq tumani elektr ta`minoti korxonasining energiya sotish bo`yicha boshliq o`rinbosari X. J. "Evroaziya shifer" MChJga qarashli g`isht ishlab chiqarish zavodida elektr tarmoqlaridan noqonuniy foydalanishi oqibatida jami 474,8 mln so`mlik ko`p miqdorda zarar etkazilgani ma`lum bo`ldi.

Boshliq o`rinbosari 1 dekabr holatiga ko`ra, 3,02 mlrd so`mlik qarzdorligi mavjud bo`lsada, elektr energiyasi tarmog`idan uzmasdan jamiyat va davlat manfaatlariga juda ko`p miqdorda zarar etkazilishiga sababchi bo`lgan.

Shunga o`xshash holat, Sherobod tumanida ham aniqlandi. Ma`lum bo`lishicha, ETK boshlig`i Q. K. mansab vakolatidan foydalanib, tumandagi 208 nafar yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan elektr energiyasidan foydalanish qoidalarini buzganligi holati yuzasidan rasmiylashtirilgan 487 mln so`mlik dalolatnomalar tegishli tartibda qonuniy chora ko`rish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim etmagan.

Uzun tumani ETK boshlig`i G`. A. va boshqalarga nisbatan mansab vakolatidan qasddan foydalanib, "Iskandar Turdialiev", "Nurafshon", "Agro omad" fermer xo`jaliklari elektr tarmoqlaridan noqonuniy foydalanishi oqibatida jami 141 mln so`mga yaqin miqdorda zarar etkazilgani aniqlagan bo`lsada, etkazilgan moddiy zararni o`rnini qoplash choralarini ko`rmagan.
Dekabr oyining boshidagi holat bo`yicha  qarzdorligi mavjud bo`lsada, elektr energiyasi tarmog`idan uzmagani ma`lum bo`ldi.

Yuqoridagi har uchala holat yuzasidan 12 dekabrda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining viloyat boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 205-moddasi (Hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste`mol qilish) 2-qismi "a" bandi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilgan. Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

 

    Boshqa yangiliklar