Yig`ilishda bugungi og`ir vaziyatda elektr va tabiiy gaz tarmoqlariga noqonuniy ulanishlar, o`g`irliklar davom etayotgani, bunga joylardagi rahbarlar befarq va sherik bo`layotganiga chidab bo`lmasligi qayd etildi. Bu haqda Prezident matbuot kotibi xabar bermoqda.
Dekabr oyi boshidan qariyb 3 mingta, so`nggi ikki kunda esa 1,5 mingta bunday holat aniqlandi. Ular ayniqsa, Farg`ona (617 ta), Andijon (325 ta), Samarqand (252 ta), Namangan (220 ta), Sirdaryo (218 ta), Toshkent shahrida (269 ta) ko`p.
Misol uchun, elektrdan 8 million kilovatt o`g`irlangan, bu – kuz-qish mavsumida 41 ming hovli uylarning bir oylik iste`moliga teng.
Shu bilan birga, 11,5 million kub metr yoki 19 ming xonadonning bir oylik iste`moliga teng tabiiy gaz noqonuniy ishlatilgani aniqlandi.
O`tgan hafta Namanganda 110 tonna, Qoraqalpog`istonda 22 tonna aholiga berilishi kerak bo`lgan ko`mir noqonuniy ravishda sotib yuborilgan.
“Bu viloyatlar hokimi, prokurori, ichki ishlar idoralari nima bilan band?", - deb savol qo`ydi Prezident.
Viloyat hokimlari qozonxona, gaz va ko`mir tarqatish shoxobchalari, avtopark, elektr tarmoqlariga borib, ishlarni ko`zi bilan ko`rmagani, bu ishlarni tashlab qo`ygani keskin tanqid qilindi.






