AsosiyJamiyat

Andijon va Navoiyda gaz tarmog`iga o`zboshimchalik bilan ulangan korxonalar aniqlandi

'Andijon va Navoiyda gaz tarmog`iga o`zboshimchalik bilan ulangan korxonalar aniqlandi'ning rasmi

Andijon va Navoiy viloyatlarida tabiiy gaz tarmog`iga noqonuniy ulanish holatlari fosh etildi, deb xabar bermoqda Bosh prokuratura huzuridagi departament.

Xususan, departamentning Andijon shahar bo`limi tomonidan tergovga qadar tekshiruv o`tkazilgan. Tekshiruv davomida "Hududgaz Andijon" gaz ta`minoti Andijon shahar bo`limi mansabdor shaxslari xizmat vazifalariga sovuqqonlik bilan qaragani oqibatida "E.B." va "M.M." MChJlar tomonidan tabiiy gaz tarmog`iga o`zboshimchalik bilan ulanib, ohak ishlab chiqarish faoliyati bilan shug`ullangani aniqlangan. Ular o`z faoliyati davomida davlat va jamiyat manfaatlariga 2,1 milliard so`mlik zarar etkazilgani aniqlangan.

Shuningdek, departament hamda DXXning Navoiy viloyati boshqarmalari tomonidan ham tergovga qadar tekshiruv o`tkazilgan. Unda "B.E." MChJga qarashli avtomobillarga gaz quyish shoxobchasida tabiiy gaz sarfini hisoblash uskunasi tekshirish metodikasi talablariga javob bermasligi, bosim kanalidagi ko`rsatkichlar noto`g`ri ishlab kelgani oqibatida davlat va jamiyat manfaatlariga 1,5 milliard so`m zarar etkazilgani ma`lum bo`lgan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 185-2-moddasi (elektr, issiqlik energiyasi, gaz, vodoprovoddan foydalanish qoidalarini buzish) va 207-moddasi (mansabga sovuqqonlik bilan qarash) bilan jinoyat ishlari qo`zg`atilib, tergov harakatlari o`tkazilmoqda.

    Boshqa yangiliklar