Prezident Shavkat Mirziyoev 13 dekabr kuni “Toshshahartransxizmat” aksiyadorlik jamiyati tizimidagi 18-avtobus saroyida bo`ldi. Bu haqda Prezident Matbuot xizmati xabar bermoqda.
"Jamoat transporti tizimi rivojlangani shahar hayotining eng muhim jihatlaridan biri. Lekin Toshkent shahrida bu soha hozirgi o`zgarishlardan orqada qolmoqda. Xususan, so`nggi yillarda ko`plab turar joylar qurildi, aholi soni oshdi, shahar hududi ham kengaydi. Poytaxtimizda kuniga 1 million 300 ming yo`lovchi jamoat transportidan foydalanmoqda.
Bu talabga javob berish uchun “Toshshahartransxizmat” tizimida avtobuslar etishmayapti. Borlarining ham ko`pi eskirgan. Shu sababli yo`nalishlarga rejaga nisbatan 90-100 ta avtobus kam chiqmoqda. Ko`chalarda jamoat transporti ustuvorligi yo`lga qo`yilmagan. Bularning oqibatida yo`lovchilar avtobuslarni 20-30 daqiqagacha kutishiga to`g`ri kelmoqda", - deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, Davlat rahbari bu holatni keskin tanqid qilib, ayniqsa, hozirgidek sovuq kunlarda bunga umuman yo`l qo`yib bo`lmasligini ta`kidlagan. Shu bois kuchaytirilgan tartibda ishlab, eng og`ir yo`nalishlarga qisqa muddatda qo`shimcha avtobuslar qo`yish bo`yicha topshiriq berdi.
Buning uchun xususiy korxonalar avtobuslari ham jalb etiladi. Ularga xarajatlarining bir qismini qoplash uchun davlat tomonidan subsidiya beriladi. Yo`l harakati xavfsizligi xodimlari avtobuslar qatnoviga qo`shimcha qulayliklar yaratadi.
Qatnovlar tezkorligi va xizmat sifatini ta`minlash, haydovchilarning oylik maoshlarini oshirish bo`yicha ham ko`rsatma berildi.
Shu erda Toshkent shahrida jamoat transportini rivojlantirish masalalari bo`yicha taqdimot o`tkazildi. Qayd etilganidek, bu yil 277 ta avtobus va elektrobus xarid qilinib, qatnovga qo`yildi. Avtobuslar harakati va to`lovlar tizimi raqamlashtirildi.
Bugungi kunda “Toshshahartransxizmat” tizimida 142 ta yo`nalish bor. Yo`lovchilar oqimining ko`payish prognozidan kelib chiqib, jamoat transportining 167 ta yo`nalishdan iborat yangi tarmog`i shakllantirilgan. Bu yo`nalishlarni ta`minlash va Toshkent shahrida jamoat transportiga bo`lgan talabni to`liq qondirish uchun yana 1000 ta katta sig`imli avtobus zarur. Bu orqali avtobuslarning oraliq intervalini 7-10 daqiqagacha qisqartirish mumkin.
Prezident avtobus saroyidagi transportlarni ko`zdan kechirdi. Ushbu korxona 22 ta yo`nalish bo`yicha kuniga 74 ming yo`lovchiga xizmat ko`rsatmoqda.






