O`zbekistonda 2022 yil mobaynida 50 dan ortiq totalizator va bukmekerlik reklamasini noqonuniy ravishda yurituvchi saytlarga kirish mutasaddi idoralar orqali cheklab qo`yildi. Bu haqda Iste`molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, respublikada totalizator va bukmekerlik faoliyatini amalga oshirish bilan bog`liq o`rganishlar davomida 162 ta holatda bunday xizmatlar reklamasi aniqlangan va ularning barchasi bartaraf etilgan. Shunindek, 50 dan ortiq totalizator va bukmekerlik reklamasini noqonuniy ravishda yurituvchi saytlarga kirish mutasaddi idoralar orqali cheklab qo`yilgan.
"Reklama to`g`risida"gi yangi tahrirdagi qonun bilan energetik ichimliklar reklamasiga doir qo`shimcha talablar o`rnatilgan bo`lib, endilikda tashqi reklama va axborot ob`ektlari orqali joylashtirishga yo`l qo`yilmaydi. Mazkur talablarga rioya etilishi yuzasidan birgina oktyabr-noyabr oylarida respublika bo`ylab o`tkazilgan 1520 ta monitoring tadbirlarning 472 tasida kamchiliklar aniqlangan.
Shuningdek, O`zbekiston hududida reklama davlat tilida tarqatiladi va reklama mazmunining tarjimasi qo`shimcha ravishda boshqa tillarda takrorlanishi belgilangan. 39 215 ta ob`ektda o`tkazilgan shunday o`rganishlar davomida ularning 11 555 tasida xato va kamchiliklar aniqlangan.






