Avvalroq Toshkent viloyati prokurori Prezident Administrasiyasidan noqonuniy gazga ulangan g`isht zavodni tarmoqdan uzmaslikni so`ragan, bu haqda Administrasiya rahbari Sardor Umurzakov aholi va iqtisodiyot tarmoqlarini energiya resurslari bilan mutanosib ta`minlash bo`yicha Respublika shtabining yig`ilishida ma`lum qilgani haqida xabar bergan edik.
O`zbekiston Energetika vazirligi holatga aniqlik kiritdi.
Ma`lum qilinishicha, Olmaliq shahrida joylashgan “Olmaliq g`ishtchi” MChJga qarashli g`isht zavodi 2022 yil 29 noyabr kuni ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun gaz ta`minotidan uzilgan. Kuz-qish mavsumida aholi va ijtimoiy soha obektlarini gaz bilan ta`minlash zarurati tufayli tabiiy gazdan foydalanishni vaqtinchalik taqiqlash doirasida ushbu korxonani tarmoqdan uzish belgilangan tartibda amalga oshirildi.
Tekshiruv davomida ishchi guruh tomonidan mazkur xo`jalik subekti keyinchalik mahalliy gaz ta`minoti tashkiloti ko`magida tabiiy gaz tarmog`iga o`zboshimchalik bilan ulangani aniqlandi. O`tgan davr mobaynida g`isht zavodi tomonidan 118 282 metr kub tabiiy gaz noqonuniy foydalanilib, 118 million so`mlik zarar etkazilgan.
Mazkur holat yuzasidan Olmaliq shahar prokuraturasi tomonidan 2022 yil 9 dekabr kuni “Olmalik g`ishtchi” MChJ va “Olmaliqshahargaz” filiali mansabdor shaxslariga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo`zg`atildi.
Tekshiruv davomida ma`lum bo`lishicha, viloyat gaz ta`minoti tashkiloti rahbari prokuraturaga mazkur korxonaning faoliyat yuritishi zarurati to`g`risida ariza bilan murojaat qilib, buni ma`lum eksportchilar ro`yxatiga kiritilgani bilan izohlagan va bu haqiqatga to`g`ri kelmaydi. Aniqlangan faktlar yuzasidan unga nisbatan ham tergovga qadar surishtiruv ishlari olib borilmoqda.






