Surxondaryo viloyati bojxona boshqarmasi xodimlari tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi boshqa idoralar vakillari bilan hamkorlikda tilla va zargarlik buyumlarining bojxona chegaralari orqali noqonuniy tarzda olib o`tilishiga qarshi chora-tadbirlar davom etmoqda, deb xabar beradi Davlat bojxona qo`mitasi axborot xizmati.
Mazkur tadbirlar davomida "Ayritom" chegara-bojxona kompleksi xodimlari tomonidan afg`onistonlik fuqaroning qing`ir qilmishlari fosh qilindi. Respublikamiz hududi orqali xorijga yo`l olgan ushbu shaxs tomonidan to`ldirilgan yo`lovchi bojxona deklarasiyasidagi ma`lumotlar asosida unga tegishli bagaj va qo`l yuklari bojxona ko`rigidan o`tkazilganda, yuklar orasida deklarasiyada ko`rsatilgan miqdordan ortiqcha salkam 4 kg og`irlikdagi quyma tillalar borligi aniqlandi.
Mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo`zg`atilib, Termiz shahar sudining xukmiga binoan aybdorga eng kam oylik ish haqining uch yuz baravarigacha miqdordagi jarima jazosini tayinladi. Hujjatlarda ko`rsatilmagan 494,5 mln so`mdan ortiq qiymatdagi salkam 4 kg oltin davlat egaligiga o`tkazildi.





