"Oyina.uz" portali Bosh muharriri o`rinbosari Inobat Ahatova hamda "Gazeta.uz" nashri fotomuxbiri Shohruh Haydarov feysbukdagi posti uchun yaqinlarini IIBga chaqirtirilganligi haqida xabar berishgan edi.
IIV Axborot xizmati rahbari Sh.G`iyosovning ma`lum qilishicha, jurnalistlarning yaqinlari Samarqand viloyati Narpay tumani hamda Qashqadaryo viloyati Qarshi shahar IIB rahbariyatining shaxsiy tashabbuslari bilan chaqirilgan. Ular bilan suhbat chog`ida jamoatchilik faollari tomonidan jamiyatdagi turli hodisalarga hamda vaqtinchalik qiyinchiliklarga xolis yondashish so`ralgan.
Ta`kidlanishicha, holat bo`yicha mas`ullarga tanbeh berilgan.
"Hozirgi kunda jamiyatda ochiqlik va shaffoflikni ta`minlanishi, ijtimoiy hodisalarga tanqidiy yondashuv faqatgina quvvatlanadi. Aynan shuni uchun jamoatchilik va OAV vakillari bilan aloqalarni amalga oshirish Ichki ishlar organlarining axborot xizmatlari orqali yo`lga qo`yilgan va ta`minlanib kelinmoqda.
Kelajakda Ichki ishlar organlari xodimlarining jamoatchilik nazorati bilan bog`liq faoliyatingiz bo`yicha so`rovlar yoki takliflar kelib tushganda Ichki ishlar organlarining Axborot xizmatlariga bog`lanishingizni so`raymiz", - deyiladi bayonotda.






