Monopoliyaga qarshi kurashish qo`mitasi Jizzax viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan “Jizzax viloyati hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” AJning 2019-2021 yillarda iste`molchilarga etkazib berilgan elektr energiyasi bo`yicha tariflarning qanchalik to`g`ri qo`llanilganligi yuzasidan o`rganish o`tkazildi. Bu haqda qo`mita matbuot xizmati xabar berdi.
O`rganish jarayonida Jizzax viloyati hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” tomonidan viloyatdagi diniy tashkilotlarga, shu jumladan, masjidlarga 2019-2021 yillarda elektr energiyasi uchun belgilangan tariflar noto`g`ri qo`llanilganligi aniqlangan.
O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003 yil 22 avgustdagi “Din sohasidagi ma`naviy-ma`rifiy, ta`lim ishlari va faoliyatini yanada takomillashtirishda ijtimoiy ko`mak va imtiyozlar berish to`g`risida”gi 364-son qarori va 2003 yil 10 sentyabrdagi 525-F-sonli Farmoyishida O`zbekiston Respublikasi hududidagi diniy tashkilotlarga 2003 yilning 1 sentyabridan boshlab ularga ko`rsatiladigan kommunal xizmatlar (tabiiy gaz, ichimlik suvi, issiqlik energiyasi, elektr energiyasi, telefon, oqova suv va maishiy chiqindilarni tashish)ga to`lovlarni aholi uchun belgilangan tariflar bo`yicha to`lanishi qayd etilgan.
Shunga qaramay, “Jizzax hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” tomonidan ushbu qaror talablari bajarilmaganligi natijasida 2019-2021 yillar mobaynida masjidlardan jami 58289,3 ming so`m ortiqcha mablag` olinganligi aniqlangan.
Bugungi kunda Monopoliyaga qarshi kurashish qo`mitasining Jizzax viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan “Jizzax hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” tomonidan noto`g`ri hisoblangan 58 289,3 ming so`m mablag`lar masjidlarga qayta hisob-kitob qilish ishlari amalga oshirildi.






