Vazirlar Mahkamasining O`zbekistonda strategik va ijtimoiy ahamiyatga ega tovarlarning narxlarini nazorat qilish va barqarorligini ta`minlash bo`yicha qarori qabul qilinishi kutilmoqda. Bu haqda Monopoliyaga qarshi kurashish qo`mitasi xabar berdi.
O`zbekistonda ayni kunlarda Ai-80 markali benzin narxining oshganligi aholi orasida tanqidiy muhokamalarga sabab bo`layotganligi va bunga qarshi huquqiy ta`sir choralari etarliligi keng muhokamalarga sabab bo`lmoqda.
Qayd etilishicha, tez kunda Hukumatning strategik va ijtimoiy ahamiyatga ega tovarlarning narxlarini nazorat qilish va barqarorligini ta`minlash bo`yicha qarori qabul qilinishi kutilmoqda.
Mazkur qaror loyihasiga asosan, Monopoliyaga qarshi kurashish qo`mitasi 45 turdagi yuqori likvidli va monopol mahsulotlar (benzin, ko`mir, metall, sement va h.k) va 10 turdagi ijtimoiy ahamiyatga ega bo`lgan iste`mol mahsulotlari (un, go`sht, non, shakar, o`simlik yog`i va hokazo) narxlarining asossiz oshirilmasligini nazorat qiladi.
Mazkur vazifani bajarish uchun Monopoliyaga qarshi kurashish qo`mitasi:
- ushbu mahsulotlar narxlarining o`zgarish dinamikasini monitoring qiladi, ularning tebranishiga ta`sir etgan omillar va ularning kelib chiqish sabablarini tahlil qiladi;
- narxlarning asossiz o`sishi, kelishib qilinadigan harakatlar va til biriktirishlar holatlarini aniqlash uchun belgilangan tartibda tashkiliy-huquqiy shaklidan qat`i nazar xo`jalik yurituvchi sub`ektlarning binolariga bevosita kiradi hamda ombordagi mavjud zaxiralarini xatlovdan o`tkazadi;
- xatlovda aniqlangan mahsulotlarning ortiqcha hajmini savdoga chiqarish, asossiz oshirilgan narxlarni pasaytirish yuzasidan bajarilishi majburiy bo`lgan taqdimnoma va ko`rsatmalar kiritadi;
- taqdimnoma va ko`rsatmalar o`z vaqtida bajarilmagan taqdirda belgilangan tartibda javobgarlikka tortish choralarini ko`radi.
Xabarda keltirilishicha, mazkur qarorning qabul qilinishi strategik va ijtimoiy ahamiyatga ega mahsulotlar narxlari barqarorligini ta`minlashga xizmat qiladi.






