AsosiyJamiyat

Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov Fransiya elchisi bilan uchrashdi

'Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov Fransiya elchisi bilan uchrashdi'ning rasmi

Bugun, 28 noyabrda O`zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov Fransiya Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Oreliya Bushezni qabul qildi.

Suhbat chog`ida ikki tomonlama munosabatlarning dolzarb masalalari muhokama etildi hamda 2023 yilga mo`ljallangan O`zbekiston-Fransiya ko`p qirrali hamkorligining ustuvor yo`nalishlariga alohida to`xtalib o`tildi.

Ta`kidlanganidek, O`zbekiston Prezidentining joriy yil 21-22-noyabr kunlari Fransiyaga amalga oshirgan rasmiy tashrifi va oliy darajadagi muzokaralari yakunlari ikki davlat rahbarlarining O`zbekiston-Fransiya muloqotiga barcha sohalarda yangicha sur`at bag`ishlash borasidagi siyosiy irodasi mavjudligini tasdiqladi.

Muzokaralarda iqtisodiy diplomatiyani mustahkamlash masalalari muhim o`rin tutdi. Tashrif chog`ida umumiy qiymati 6 milliard evrodan ortiq savdo-iqtisodiy, investisiyaviy va moliyaviy hamkorlikka doir loyihalarini amalga oshirish bo`yicha erishilgan kelishuvlarni o`z vaqtida va to`liq amalga oshirishdan ikki tomon ham manfaatdor ekanligi bildirildi.

O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi bilan Fransiya Milliy assambleyasi o`rtasida, jumladan, Parlamentlararo ittifoq va EXHT Parlament assambleyasi doirasidagi hamkorlikni faollashtirish muhimligi ta`kidlandi.

Uchrashuvda kelgusi yilda rejalashtirilgan qo`shma tadbirlar jadvali va kun tartibi yuzasidan fikr almashildi.

Tomonlarning madaniy-gumanitar sohadagi o`zaro hamkorligiga alohida e`tibor qaratildi. Elchi Fransiya jamoatchiligi va ushbu mamlakat poytaxtiga tashrif buyuruvchilar Luvr va Parijdagi Arab dunyosi institutida ochilgan O`zbekiston muzeylari eksponatlarining ko`rgazmalariga alohida qiziqish bildirayotganini ta`kidladi, deb xabar beradi Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati.

    Boshqa yangiliklar