Farg`ona viloyatining Rishton tumanida tibbiyot xodimi kaltaklangani haida viloyat IIB axborot xizmati xabar bergan edi.
Sog`liqni saqlash vazirligining ma`lum qiliicha, voqea joriy yil 12 noyabr kuni soat 04:00 larda Farg`ona viloyati, Rishton tumani, "Oqtomir" MFY hududida sodir bo`lgan. Shu mahallada yashovchi fuqaro T.T. tuman tez tibbiy yordam bo`limiga qo`ng`iroq qilib, otasi — 1942 yilda tug`ilgan T.G`. ning sog`ligi yomonlashganligini ma`lum qilgan.
"Tez yordam" xodimlari xonadonga etib borib, bemorga birinchi tibbiy yordam ko`rsatgan. Uning qon bosimi ko`tarilgani sababli tuman markaziy shifoxonasiga olib ketilayotganida bemor T.G`. vafot etgan.
Ta`kidlanishicha, otasi hayotdan ko`z yumganidan g`azablangan T.T. va uning o`g`li G`.X.lar tez tibbiy yordam xodimi B.Z.ni sababsiz urib, unga tan jarohati etkazgan."Tez yordam" shifokori olgan jarohati sababli shoshilinch tibbiy yordam bo`limiga yotqizilgan.
Tegishli tibbiy tekshiruvlardan so`ng unga "O`ng ko`z orbitasi medial devori o`rta va orqa yuzasi sinib siljishi. Gemosinus. Chap orbita medial devori deformasiyasi. Burun to`sig`i qiyshayishi. O`ng ko`z olmasi kontuziyasi. To`rparda angiopatiyasi. O`ng qosh sohasi yirtilgan jarohati. O`ng ko`z qovoqlari lat eyishi" dastlabki tashxisi qo`yilgan.
Sog`liqni saqlash vazirligi ushbu holatni o`z nazoratiga olgan va hozir bemor-shifokorning ahvoli qoniqarli, tegishli davo muolajalari davom ettirilmoqda.
Mazkur hodisa yuzasidan Rishton tuman ichki ishlar bo`limi huzuridagi tergov bo`linmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 277-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, ayni paytda tergov harakatlari olib borilmoqda.






