Qish isitish muammosi bilan bog`liq fojialarning tez-tez sodir bo`lishi sababli, yilning eng tashvishli mavsumi hisoblanadi.
Bu davrda yong`in xavfsizligi qoidalariga rioya etilmasligi oqibatida yong`inlar bilan bog`liq baxtsiz hodisalarning ro`y berishi ko`payadi. Albatta buni hech kim inkor eta olmaydi.
Ayni sababdan hukumat komissiyasining tegishli bayoni bilan 15 noyabrdan – 15 dekabrgacha respublika hududida "Yong`in xavfsizligi oyligi"ni o`tkazish belgilandi.
Bu haqda yong`in xavfsizligini ta`minlashga qaratilgan tadbirlarni yanada kuchaytirish maqsadida AOKAda o`tkazilgan birifingda FVV boshqarma boshlig`i o`rinbosari, mayor Mavlonbek Doschanov ma`lum qildi.
Ma`lum qilinishicha, "Yong`in xavfsizligi oyligi" davrida:
- barcha turkumdagi ob`ektlarda, ayniqsa, ko`p kvartirali uylar va yakka tartibdagi uy-joylar, bozor, yirik savdo majmualari va aholi ko`p to`planadigan boshqa ob`ektlarda keng qamrovli profilaktik-ogohlantiruv tadbirlari amalga oshiriladi;
- mahallalarda "xonadonbay" tartibida o`tkazilayotgan profilaktik tadbirlarda aholi o`rtasida yong`inlar, is gazidan zaharlanish yoki havo-gaz aralashmasining chaqnashi bilan bog`liq favqulodda vaziyatlarning oldini olishga qaratilgan tushuntirish va targ`ibot ishlari yanada kuchaytiriladi;
- alohida e`tibor tunda odamlar qoladigan maskanlarga, shu jumladan, "Mehribonlik uylari", "Muruvvat" va "Sahovat" uylariga qaratilib, muntazam ravishda ko`riklar o`tkaziladi.
Mazkur oylikda fuqarolardan elektr, gaz va issiqlik ta`minoti qurilmalarini doimiy nazorat qilib borish va ulardan foydalanishda yong`in xavfsizligi talablariga qat`iy rioya etish, korxona va tashkilot rahbarlaridan esa davlat yong`in nazorati organlarining tavsiyanoma yoki yozma ko`rsatmalaridagi yong`inga qarshi tadbirlarni o`z vaqtida bajarish iltimos qilinmoqda.






