14−16 noyabr kunlari YuNESKOning erta yoshdagi bolalarni tarbiyalash va ta`lim berish bo`yicha II Butunjahon konferensiyasi bo`lib o`tadi. Bu haqda Maktabgacha ta`lim vazirligida 10 noyabr kuni o`tkazilgan matbuot anjumanida ma`lum qilindi.
Tadbirda 150 ga yaqin davlatdan mutaxassislar ishtirok etishi kutilmoqda. Konferensiyaning 15 noyabr kungi sessiyalarida YuNESKO bosh direktori Odri Azule ham qatnashishi kutilmoqda.
Maktabgacha ta`lim vaziri Agrippina Shinning ma`lum qilishicha, tadbirdan ko`zlangan maqsad maqsad — "jahon hamjamiyati e`tiborini maktabgacha ta`lim bilan bog`liq dolzarb masalalarga qaratish, ilg`or tajribalarimizni taqdim etish, hamkasblar bilan tajriba almashish".
Tadbir yakunida maktabgacha ta`lim sohasida 2030 yilgacha bo`lgan xalqaro kun tartibini belgilab beruvchi Bolalarga ta`lim-tarbiya berish bo`yicha Toshkent deklarasiyasi imzolanishi ko`zda tutilgan.
Mazkur xalqaro tadbirni o`tkazish uchun Maktabgacha ta`lim vazirligi beshta kompaniya bilan 19,1 mlrd so`mlik shartnomalar tuzgani aytilmoqda.






