Andijon viloyati hokimligi Sog`liqni saqlash boshqarmasi boshlig`i Jur`atbek Quvvatov tadbirkorlik faoliyati bilan shug`ullangani uchun lavozimidan ozod etildi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar qildi.
Ma`lum qilinigicha, 2022 yilning 8 avgustdagi O`zbekiston Respublikasining ”Davlat fuqarolik xizmati to`g`risida”gi O`RQ-788-sonli qonunini qabul qilingan bo`lib, ushbu Qonun 2022 yilning 10 noyabr kunidan kuchga kirgan. Mazkur qonunning 13-moddasiga ko`ra davlat fuqarolik xizmatchisiga tadbirkorlik faoliyati bilan shug`ullanishga, tadbirkorlik faoliyati sub`ektlarini tashkil etishga, ularning muassisi (ishtirokchisi) bo`lishga, tadbirkorlik faoliyati sub`ektida tashkiliy boshqaruv, ma`muriy xo`jalik vazifalarini bajarishga cheklovlar qo`yilgan.
Ta`kidlanishicha, Andijon viloyati hokimligi Sog`liqni saqlash boshqarmasi boshlig`i lavozimiga tayinlangan Jur`atbek Quvvatov tadbirkorlik faoliyati bilan shug`ullanadi.
Yuqoridagi Qonun kuchga kirishi munosabati bilan, Qonunning 19-moddasida ta`kidlangan manfaatlar to`qnashuvini oldini olish, tadbirkorlik faoliyatini davom ettirish maqsadida J.Quvvatov egallab turgan lavozimidan (Sog`liqni saqlash boshqarmasi boshlig`i) ozod qilinishini so`rab ariza bilan murojaat etgan.
Ma`lumot uchun: 2022 yil 18 oktyabr kuni Sog`liqni saqlash vazirining tegishli buyrug`iga asosan Andijon viloyati sog`liqni saqlash boshqarmasi boshlig`i vazifasiga Kuvatov Jur`atbek Dilshadbekovich tayinlangani e`lon qilingan edi.






