Qochib ketgani tufayli mashinasining oynasi sindirish orqali ochilgan haydovchi jarimaga tortildi (video)
Bir muddat avval ijtimoiy tarmoqlarda YPX xodimlari mashina oynasini sindirish orqali haydovchining eshigini ochishgani bilan bog`liq video tarqalgan edi.
Bugun mana shu holat yuzasidan ma`muriy huquqbuzarlik to`g`risidagi ish yuzasidan jinoyat ishlari bo`yicha Yunusobod tuman sudida Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksning 135-moddasi (yo`l harakati qoidalarida nazarda tutilgan hujjatlari bo`lmagan shaxslarning transport vositalarini boshqarishi) 2-qismi hamda 194-moddasi (ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) 1-qismi bilan huquqbuzar deb topilgan A. X. (2004 yilda tug`ilgan) ga oid ma`muriy huquqbuzarlik to`g`risidagi ish ko`rib chiqildi. Bu haqda Toshkent shahar sudlari matbuot xizmati xabar berdi.
Ish hujjatlariga ko`ra, huquqbuzar 2022 yil 1 noyabr kuni soat taxminan 17:00 lar atrofida o`z boshqaruvida bo`lgan “Neksiya-2” rusumli avtomashinasini Yunusobod tumani Shahrisabz va Amir Temur ko`chalari kesishgan chorrahasida hech qanday hujjatlarsiz boshqarib ketayotgan vaqtida, IIO xodimlari tomonidan jezl yordamida to`xtatilganida, haydovchi to`xtash ishorasiga amal qilmay harakatni davom ettirib, voqea joyidan ketib qolgan. Ko`rilgan chora-tadbirlar natijasida haydovchi to`xtatilib, hujjatlarini tekshirish jarayonida, haydovchida avtomashina boshqarish uchun hech qanday hujjatlari mavjud emasligi aniqlangan.
Qayd etilishicha, sudning qarori bilan A. X. Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksning 135-moddasi 2-qismi hamda 194-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan ma`muriy huquqbuzarlikni sodir qilgan deb topildi.
Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksning 34-moddasiga asosan unga uzil-kesil, bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravari miqdorida jarima jazosi tayinlandi.
"Ushbu qaror ustidan apellyasiya shikoyati (protesti) qonunchilikda belgilangan tartib va muddatda berilishi mumkin", — deyiladi xabarda.






