Toshkent viloyati, Zangiota tumanida jami 35 mln 696 ming so`mlik noqonuniy sigaretalarning yangi partiyasi qo`lga tushdi.
Davlat Bojxona qo`mitasi bu haqda darakchi.uz'ga ma`lum qildi.
Ma`lum bo`lishicha, tezkor tadbir davomida Bosh prokuratura boshqarmasi xodimlari, Davlat soliq qo`mitasi vakillari bilan birgalikda, 3 turdagi, aksizsiz tamaki mahsulotlarining 1980 qutisini sotayotgan fuqarolarni qo`lga oldi. Tovarning umumiy qiymati 35 mln 696 ming so`mni tashkil qilgan.
Ushbu holat bo`yicha O`zR JK 186-1 (etil spirti, alkogol maxsuloti va tamaki mahsulotini noqonuniy ishlab chiqarish yoki sotish) moddasi bilan jinoiy ish qo`zg`atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Shuningdek, ayni borada o`tkazilgan so`rovlarning ko`rsatishicha, har 3 respondentdan 2 nafari noqonuniy sigaretani bozordan yoki ko`cha sotuvchilaridan, qo`ldan sotib olgan. Bundan xulosa qilish mumkinki, noqonuniy sigaretalarni sotishning asosiy manbalari bozorlar va ko`cha sotuvchilaridir.
"Agar davlat mana shu realizasiya kanallarini masalasini hal qilsa, noqonuniy savdo darajasi sezilarli qisqargan bo`lardi", — deydi qo`mita ma`lumotlarga izoh keltirib.






