Bir muddat avval Surxondaryoda shifokor kaltaklangani haqida xabar bergan edik.
Holat bo`yicha Angor tumani hokimligi munosabat bildirib, Ichki ishlar bo`limi tomonidan dastlabki tergovga qadar surishtiruv ishlari olib borilayotganini ma`lum qilgandi.
Ayni paytda SSV mazkur hodisaga munosabat bildirdi.
"Oxirgi paytlarda bemorlar va ularning yaqinlari tomonidan o`z xizmat vazifasini bajarayotgan shifokor va hamshiralarga nisbatan kuch ishlatish va tajovuz qilish holatlari tez-tez kuzatilmoqda.
Shundan kelib chiqib, mamlakatimizda tibbiyot xodimlari faoliyatiga to`sqinlik qilganlik uchun qonunchilikda tegishli javobgarlik belgilanishi kun tartibidagi muhim masalaga aylandi. Angor tumanida sodir bo`lgan yuqoridagi holat esa mazkur jarayonni yanada jadallashtirish zarur ekanini yana bir bor ko`rsatdi", — deyiladi unda.
Vazirlik, shuningdek, shifokorga qanday tashxis qo`yilganini ochiqladi.
Ma`lum bo`lishicha, o`tkazilgan tibbiy tekshiruvlar davomida shifokor J.E.ga "bosh miya yopiq jarohati, og`iz pastki lab yumshoq to`qimalari lat eyishi, o`ng son yumshoq to`qimalari lat eyishi va teri osti gematomasi, qorin bo`shlig`i a`zolari lat eyishi, kuchli qontalash" tashxisi qo`yilgan.






