Bunday o`zgarishlar, eng avvalo, bemorlar va shifokorlarga qator qulayliklar yaratib, ortiqcha vaqt va xarajatlarning tejalishiga xizmat qilmoqda. Xususan, telemedisina tibbiyot muassasalarining ixtisoslashgan markazlar va xorijiy klinikalar bilan integrasiyasini ta`minlash, bemorlar ahvolini kuzatish, maslahat berish hamda soha xodimlari hamkorligini rivojlantirishda muhim rol o`ynamoqda, deb xabar bermoqda SSV matbuot kotibi.
Shu bois bugun Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi mutaxassislari tomonidan ham telemedisina orqali bemorlarga masofadan turib tashxis qo`yish va davolash ishlari muntazam olib borilyapti.
— Ayni paytda muassasa va uning hududiy filiallari hamda tuman tibbiyot birlashmalari o`rtasida EKG telemetrik aloqa o`rnatilgan, — deydi markaz direktori o`rinbosari Anvar Karimov. — Xususan, hududiy tibbiyot muassasalaridan yuborilgan bemorning ko`rik natijalari mutaxassislarimiz tomonidan tahlil qilinib, tashxis va davolash bo`yicha kerakli tavsiyalar berib borilmoqda.
E`tiborlisi, 2022 yilning o`tgan 9 oyi davomida bemorlarga 4 ming 850 ta EKG telemetrik tibbiy maslahatlar berildi. Natijada olis hududlarda yashayotgan ko`plab fuqarolar poytaxtga kelmasdan turib, malakali mutaxassislardan davo hamda tibbiy tavsiya olish imkoniga ega bo`ldi.
Yaqin kelajakda markaz klinikasini ko`p tarmoqli shifoxona sifatida transformasiya qilish, muassasaning yurak-qon tomir kasalliklari ilmiy tadqiqotlar laboratoriyasini 5 million AQSh dollari hisobiga zamonaviy uskunalar bilan jihozlash rejalashtirilgan.
Qolaversa, preventiv kardiologiya, nur yordamida diagnostika laboratoriyalari, yangi kaminvaziv kardiojarrohlik va operasiyadan keyingi tiklanish ilmiy-tadqiqot laboratoriyalarini tashkil etish hisobiga markazda yana 15 dan ziyod yangi yuqori texnologik amaliyotlar yo`lga qo`yiladi.
31.10.2022 05:14
Kardiologiya mareazida yana yangi turdagi 15 dan ziyod yuqori texnologik amaliyotlar yo`lga qo`yiladi






