Fuqaro G.K.ning O`zbekiston Respublikasi IIV Er resurslari talon-toroj qilinishiga qarshi kurashish bo`limiga qilgan murojaatiga asosan, Bosh prokuratura hamda boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari bilan hamkorlikda tezkor tadbir o`tkazildi. Bu haqda IIV matbuot xizmati xabar berdi.
Aniqlanishicha, R.Yu. Zangiota tumani hokimining 27.12.2012 yildagi qarori bilan «O`rtasaroy» mahallasi hududidagi fuqaro S.Yuldashevga 30 yil muddatga ijara asosida ajratilgan jami 1,0 gektar lalmi er maydonini 80 ming AQSh dollariga sotishga hamda hokimiyat tizimidagi mansabdor tanishlari orqali tegishli hujjatlarni rasmiylashtirib berishga va`da berib, kelishilgan pullardan 10 ming AQSh dollarini ariza muallifidan firibgarlik yo`li bilan olayotgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur holat yuzasidan R.Yu.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi «a» bandi va 28,211-moddasi 3-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, tergov harakatlari olib borishga kirishilgan, deyiladi xabarda.






