Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida “Manfaatlar to`qnashuvi to`g`risida”gi qonun loyihasi ham ikkinchi o`qishda qizg`in muhokama qilindi. Bu haqda quyi palata matbuot xizmati xabar bermoqda.
Qonun loyihasi bilan “manafaatlar to`qnashuvi” tushunchasiga aniq ta`rif berilib, ushbu vaziyat kimlar o`rtasida va qachon vujudga kelishi mumkinligi to`g`risida aniq ko`rsatib o`tilmoqda. Davlat tashkiloti xodimlari, ularning yaqin qarindoshlari va ularga aloqador shaxslarning manfaatlar to`qnashuvining oldini olish sohasidagi huquq va majburiyatlari belgilanmoqda.
Shuningdek, davlat tashkilotida aniqlangan manfaatlar to`qnashuvi vaziyatlarini hisobga olish reestri yuritilishi, manfaatlar to`qnashuviga oid talablarni buzganlik uchun huquqiy oqibatlar nazarda tutilmoqda.
Deputatlarning ta`kidlashicha, qonun loyihasining qabul qilinishi davlat tashkilotlarida manfaatlar to`qnashuvining oldini olish, aniqlash va tartibga solishning samarali mexanizmlarini joriy etish, uning huquqiy oqibatlarini aniq belgilashga xizmat qiladi.
Muhokamalar davomida qonun loyihasining nomi va mazkur hujjatdagi ayrim normalar deputatlarning e`tirozlariga sabab bo`ldi. Qizg`in baxs-munozaralar, savol-javoblardan so`ng, qonun loyihasi yuzasidan berilgan takliflar e`tiborga olindi va ushbu hujjat deputatlar tomonidan qabul qilindi.
Deputata Rasul Kusherbaevning ma`lum qilishicha, davlat organlarining va boshqa tashkilotlarning o`zi bilan mehnat shartnomalari bekor qilingan yoki lavozimidan ozod etilgan xodimlari ikki yil davomida oxirgi ish joyida o`zi bevosita yoki bilvosita nazoratni amalga oshirgan tashkilotlar yoki ularning tarkibiy tuzilmalari tomonidan ushbu xodim mehnat (xizmat) faoliyatini amalga oshirgan tashkilotning korrupsiyaga qarshi nazorat bo`linmasi mansabdor shaxslarning xulosasiga asosan ishga qabul qilinadi.
"Demak, bundan buyon davlat idorasida ishlash uchun ko`p narsadan voz kechishga to`g`ri keladi. Davlat ishini chidaganga chiqargan, deganlari shu bo`lsa kerak. Lekin baribiri hamma gap bu kabi qonunlarning amalda ishlatilishida qoladi", - deya munosabat bildirgan deputat.






