AsosiyJamiyat

Prezident o`zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun bilan xalqqa tabrik yo`lladi

'Prezident o`zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun bilan xalqqa tabrik yo`lladi'ning rasmi

Prezident Shavkat Mirziyoev 21-oetyabr O`zbek tili bayrami kuni munosabati bilan tabrik yo`lladi:

Muhtaram vatandoshlar!  

Avvalo, Siz, azizlarni bugungi qutlug` ayyom – O`zbek tili bayrami bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman. 

Inson uchun kindik qoni tomgan Vatani, dunyoga keltirib voyaga etkazgan ota-onasi qanchalik aziz va mukarram bo`lsa, uning o`zligi va ma`naviy olamini belgilaydigan ona tili ham shunchalik qadrli va mo``tabardir.

Qadim turkiy tilimizni ilk bor ilmiy asosda tadqiq etgan buyuk alloma Mahmud Koshg`ariyning: “Erdam boshi tildur”, ya`ni “Barcha ezguliklar tildan boshlanur”, degan so`zlarida teran haqiqat mujassam. Darhaqiqat, odamzot qalbidagi jamiki olijanob fazilatlar ona tilining betakror mo``jizasi, sehri va jozibasi bilan kamolga etadi.

Xalqimiz tafakkurining tiniq ko`zgusi bo`lgan bu bebaho xazinani asrab-avaylash va rivojlantirish bugungi kundagi eng sharafli vazifalarimizdan biridir. 

Ulug` mutafakkir Mir Alisher Navoiy bobomizning: “Tilga e`tibor – elga e`tibor”, degan dono o`gitlariga amal qilgan holda, yurtimizda til masalasida olib borilayotgan  davlat siyosati inson qadrini ulug`lashga qaratilgan tub islohotlarimizga har tomonlama uyg`un va hamohangdir.

So`nggi yillarda mamlakatimizda o`zbek tilini rivojlantirish, uning hayotimizdagi o`rni va ta`sirini oshirish borasida yangi bosqich boshlandi, desak, ayni haqiqat bo`ladi.

Xususan, 21 oktyabr – O`zbek tili bayrami kuni deb belgilangani unutilmas, tarixiy voqeaga aylandi. Davlat tilining nufuzi va maqomini yuksaltirishga qaratilgan farmon va qarorlar, me`yoriy hujjatlar qabul qilindi. Ushbu yo`nalishda 2020-2030 yillarga mo`ljallangan konsepsiya va alohida dastur hayotga joriy etilmoqda.

Bu haqda gapirganda, yaqinda qabul qilingan tegishli qonunlarga asosan reklama va targ`ibot materiallarini davlat tilida e`lon qilish tartiblari hamda davlat fuqarolik xizmatiga qabul qilishda o`zbek tilini bilish darajasi bo`yicha aniq talablar belgilanganini ta`kidlash lozim.

Vazirlar Mahkamasi tarkibida Ma`naviyat va davlat tilini rivojlantirish masalalari departamentining faoliyati yo`lga qo`yildi. Markazda va joylarda davlat tilini o`rgatish kurslari ish olib bormoqda.

Qisqa vaqt ichida besh jildlik “O`zbek tilining izohli lug`ati”, o`ndan ortiq sohaga oid atamalar lug`atlari, o`ttiz jildlik “Istiqlol davri o`zbek navoiyshunosligi” tadqiqotlar majmuasi yaratildi.

Shu kunlarda ona tilimizda “Turkiy adabiyot durdonalari” nomli yuz jildlik muhtasham to`plam nashrdan chiqayotgani, faol va iste`dodli yoshlarimizning sa`y-harakatlari bilan Internet tarmog`idagi o`zbekcha ma`lumotlar elektron bazasi boyitib borilayotgani quvonarli hol, albatta.

O`zbek mumtoz va zamonaviy adabiyotining sara namunalari xorijiy tillarga tarjima qilinib, chet ellik kitobxonlarning ham e`tiborini qozonmoqda. Iste`dodli olim va ijodkorlarimiz qalamiga mansub ilmiy va badiiy asarlar nufuzli xalqaro mukofotlarga sazovor bo`lmoqda.

Xorijiy davlatlar o`quvchilari o`rtasida O`zbek tili va adabiyoti xalqaro olimpiadasini o`tkazish yo`lga qo`yilgani ham ona tilimizni keng targ`ib qilishga xizmat qilmoqda.

Bugungi kunda jahon miqyosida 50 millionga yaqin kishi o`zbek tilida so`zlashmoqda. Ko`plab mamlakatlarda bu go`zal va jozibali til katta ishtiyoq bilan o`rganilmoqda.

Ayni paytda, mamlakatimizda istiqomat qilayotgan turli millat va elatlarning tili, madaniyati va qadriyatlarini asrab-avaylash hamda rivojlantirishga muhim ahamiyat qaratilmoqda. Biz bu yo`nalishda olib borayotgan ishlarimizni kelgusida ham izchil davom ettiramiz.

Hurmatli do`stlar!

Hammamizga ayonki, ko`p millatli xalqimizni yuksak ma`rifatli jamiyat barpo etishdek ezgu maqsad yo`lida jipslashtirish, yurtdoshlarimiz qalbiga yagona Vatan, umumiy farovon kelajak tuyg`usini singdirishda o`zbek tili birlashtiruvchi ahamiyatga egadir.

Shu bois, Yangi O`zbekistonni har tomonlama taraqqiy ettirish, Uchinchi yuksalish davri poydevorini yaratishga qaratilgan tarixiy islohotlar jarayonida o`zbek tilini rivojlantirish bo`yicha belgilab olgan vazifalarimizni izchil davom ettirishimiz lozim.

Bugungi kunda yoshlarimizning dunyoqarashi, odob-axloqi va nutq madaniyatiga salbiy ta`sir ko`rsatayotgan illatlar, ayniqsa, turli elektron vositalar orqali tobora kuchayib borayotgan ma`naviy tahdidlarga qarshi ma`rifat va ilm bilan samarali kurash olib borish hayotiy zaruratga aylangan.

Bu borada axborot-kommunikasiya texnologiyalarining tilini o`zbekchalashtirish, butunjahon Internet tarmog`idagi milliy segmentni yanada boyitish, o`zbek va xorijiy tillar bo`yicha lug`at va so`zlashgichlarning yangi avlodini yaratish kechiktirib bo`lmas vazifalarimiz sirasiga kiradi.

Jahon taraqqiyoti yutuqlari va qimmatli manbalarni o`zbek tiliga tarjima qilish orqali ona tilimizni ilm-fan va innovasiyalar tili sifatida rivojlantirish uchun mustahkam zamin yaratishimiz zarur.

Shu ma`noda, XX asr boshida yashab ijod qilgan, o`zbek, arab, fors, hind, turk va rus tillaridagi so`zlarni o`z ichiga olgan bebaho lug`at kitobini yaratgan ma`rifatparvar bobomiz Ishoqxon Ibratning: “Bizning yoshlar albatta boshqa tilni bilish uchun sa`y-harakat qilsinlar, lekin avval o`z ona tilini ko`zlariga to`tiyo qilib, ehtirom ko`rsatsinlar. Zero, o`z tiliga sadoqat – bu Vataniy ishdir”, degan hikmatli so`zlari biz uchun muhim dasturilamal, hayot yo`limizni yoritadigan mayoq bo`lib xizmat qilishi kerak.

Fursatdan foydalanib, milliy o`zligimiz va g`ururimiz timsoli bo`lgan ona tilimizni asrab-avaylash va rivojlantirishdek sharafli ishga munosib hissa qo`shib kelayotgan barcha fidoyi vatandoshlarimizga chin qalbdan minnatdorlik bildiraman.

Aziz yurtdoshlar!

Sizlarni yana bir bor O`zbek tili bayrami bilan samimiy qutlab, barchangizga mustahkam salomatlik, oilangizga qut-baraka, tinchlik va omonlik tilayman.

Ona tilimizning so`nmas ziyosi ongu tafakkurimiz, qalblarimizni hamisha yoritib tursin, deyiladi tabrikda.

    Boshqa yangiliklar